Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi tomonidan Surxondaryo viloyatida olib borilgan kompleks inspektorlik tekshiruvi yakuniga bagʻishlangan tahliliy yigʻilish o'tkazildi
2025-06-15 08:00:00 / Yangiliklar

Xususan, Ichki ishlar vaziri tomonidan Sariosiyo, Uzun, Boysun tuman ichki ishlar boʻlimlari hamda Denov tumani ichki ishlar boshqarmasi faoliyati samaradorligini tahlil qilindi. Oʻrganishlar jarayonida asosiy eʼtibor jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, shaxsiy tarkib oʻrtasida jangovar shaylikni hamda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning samaradorligini oshirish, surishtiruv-tergov jarayonlarini qonuniy tashkil etish hamda fuqarolar va xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar yaxshilash masalalariga qaratildi.
Shuningdek, “qizil” toifadagi mahallalarda kriminogen vaziyatni yaxshilash borasida mahalla yettiligi va tuman masʼullarining amalga oshirayotgan ishlari yuzasidan taqdimotlari tinglandi.
Oʻrganishlar davomida Denov tuman IIB Vaqtincha saqlash hibsxonasi va Qoʻriqlash boʻlimi faoliyati bilan tanishilib, yangi Qoʻriqlash binosining qurilish jarayonlari koʻzdan kechirildi. Shu bilan birga “Bobur” mahallasi hududidagi “Yoshlar saylgohi”da yaratilgan shart-sharoitlar va xavfsizlik masalalari bilan yaqindan tanishildi.
Surxondaryo viloyati geografik joylashuvi jihatidan qoʻshni Tojikiston, Turkmaniston hamda Afgʻoniston islom davlatlari bilan chegaradoshligi inobatga olinib, masʼullar Sariosiyo tumanidagi “Sariosiyo” chegara bojxona posti, Termiz tumanidagi “Ayritom” chegara bojxona posti faoliyati yaqindan oʻrganildi. Chegara hududlarda faoliyat olib boruvchi ichki ishlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda harbiy xizmatchilar hushyor va sergak holda xizmat oʻtashlari zarurligi uqtirildi. Ayritom mahallasi hududida joylashgan “Termiz Xalqaro savdo markazi” faoliyati bilan ham yaqindan tanishildi.
Bugungi kunda aholi salomatligi va osoyishtaligini saqlash muhim masala hisoblanadi. Shu bois Boysun tumani “Kofrun” mahallasida faoliyat olib borayotgan “Mustaqillikning 25-yilligi“ (Enter Engineering) gazni qayta ishlash zavodi bilan bogʻliq vaziyatlar koʻzdan kechirildi.
Oʻrganishlar jarayonida, viloyat ichki ishlar boshqarmasida yaratilgan sharoitlar koʻzdan kechirilib, moddiy-texnika bazani yaxshilash, qurilish-montaj hamda kiberjinoyatlarni jilovlash borasidagi taqdimotlar tinglandi.
Respublika ishchi guruhining Surxondaryo viloyatidagi kompleks inspektorlik tekshiruvi yakunlariga bagʻishlangan tanqidiy yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Unda Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, viloyat, tuman va shahar ichki ishlar hamda sohaviy xizmatlar rahbarlari va oʻrinbosarlari ishtirok etdi. Yigʻilishda ichki ishlar organlari xizmatining joriy holati, faoliyat samaradorligi, shaxsiy tarkibning kasbiy tayyorgarligi, xizmat intizomi va jamoat xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlar toʻliq tahlil etildi.
Inspektorlik tekshiruvlaridan koʻzlangan asosiy maqsad xodimlarni jazolash emas, aksincha ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini oshirish, mavjud muammolarni bartaraf etish ekanligi ishchi guruh rahbari tomonidan alohida taʼkidlab oʻtildi.
Xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishgan, aholi hamda safdoshlari tomonidan alohida eʼtirof etilgan bir guruh xodimlar Ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan munosib ragʻbatlantirildi. Jumladan, viloyat hududida 82 kilogramm miqdordagi giyohvand vositalari savdosining oldini olganligi uchun viloyat IIB xodimi mayor Bexzod Qurbonov muddatidan oldin ragʻbatlantirish tariqasida “podpolkovnik” maxsus unvoni bilan, Qumqoʻrgʻon tumani IIB xodimi kapitan Elbek Ortiqov gumonlanuvchi tomonidan pora sifatida taklif qilingan besh ming AQSH dollarini olmasdan, tegishli tartibda rahbariyatga maʼlum qilganligi sababli “Aʼlo xizmatlari uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, Denov tumani Ichki ishlar boshqarmasi xodimi katta serjant Bahodir Qodirov “Aʼlo xizmatlari uchun”, viloyat IIB Kiber xavfsizlik boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Mansur Xoʻjayev II-darajali “Benuqson xizmatlari uchun” koʻkrak nishonlari bilan, kapitan Dilshod Narzulloyev Ichki ishlar vazirining esdalik qoʻl soati bilan taqdirlandi.
Faoliyati davomida jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻygan bir guruh rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy taʼsir choralari koʻrildi.
Inspektorlik tekshiruvi natijalariga koʻra, viloyat hamda tuman-shahar boʻlinmalariga xizmatda foydalanish uchun turli rusumdagi 23 dona avtotransport vositalari taqdim etilib, qoʻshimcha tarzda maxsus vositalar, kompyuter jamlanmalari, formali kiyim boshlar berilishi taʼkidlandi.
Yigʻilish yakunida, masʼullarga jinoyatchilikni jilovlash mavjud “qizil” toifadagi va “qizil” toifaga oʻtish ehtimoli yuqori boʻlgan mahallalarda “Dolzarb-30 kun” tezkor-profilaktik tadbirlari eʼlon qilinib, Surxondaryo tajribasini yaratish vazifasi qoʻyildi.
IIV Axborot xizmati









