“Yoshlar oyligi” doirasida Surxondaryo viloyati Ichki ishlar organlari yosh xodimlari oʻrtasida stol tennisi boʻyicha musobaqa oʻtkazildi
2025-06-14 11:20:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, ayniqsa yoshlar orasida sportni ommalashtirish va bu orqali mamlakatimizning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirokini taʼminlash borasida keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ichki ishlar vazirining 2025-yil 26-maydagi tegishli farmoyishiga asosan, joriy yilning 1-iyun kunidan 30-iyun kuniga qadar ichki ishlar organlarida “Yangi Oʻzbekiston yoshlar birlashaylik!” shiori ostida “Yoshlar oyligi” deb eʼlon qilinishi, munosabati bilan, mazkur farmoyishda belgilangan dastur asosida, joriy yilning 12-iyun kuni Surxondaryo viloyati ichki ishlar organlari yosh xodimlari oʻrtasida sportning “Stol tennisi” turi boʻyicha musobaqa tashkil etildi.
Ushbu musobaqada boshqarmaning sohaviy xizmatlari va barcha shahar-tuman IIBlari yosh xodimlari ishtirok etishdi.
Qizgʻin va bahs munozaralarga boy kechgan musobaqa yakuniy natijalariga koʻra, 3-oʻrinni Bandixon tumani IIB Taʼminlash va xizmat koʻrsatish boʻlinmalari komendanti safdor Xasan Choriyev, 2-oʻrinni Boysun tumani IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi profilaktika inspektori katta leytenant Jalol Xoʻshboqov qoʻlga kiritgan boʻlsa, musobaqaning mutlaq gʻolibligini Jarqoʻrgʻon tumani IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi profilaktika inspektori leytenant Alibek Berdimoʻminov qoʻlga kiritdi.
Musobaqa yakunida gʻolib va sovrindorlarga boshqarma boshligʻining diplom hamda qimmatbaho esdalik sovgʻalari tantanali ravishda topshirildi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati






