IIV JXD Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tashabbusi bilan jurnalist va blogerlar uchun “Harakat xavfsizligini ishonchli taʼminlash — bugungi kunning dolzarb masalasi” mavzusida press-tur hamda shu doirada matbuot anjumani oʻtkazildi
2025-06-13 23:40:00 / Yangiliklar

Tadbirning asosiy maqsadi — jamoatchilik va OAV vakillarini yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, qonunchilikdagi yangiliklar va innovatsion texnologiyalardan samarali foydalanish yoʻnalishlari bilan yaqindan tanishtirishdan iborat boʻldi.
Press-tur doirasida ishtirokchilarga zamonaviy video kuzatuv va monitoring tizimlari, maxsus avtomototransport vositalarining imkoniyatlari, tezkor aloqa vositalari hamda harakatni samarali boshqarishda foydalaniladigan texnikalar haqida batafsil maʼlumot berildi. Shuningdek, ishtirokchilar xodimlar uchun yaratilgan zamonaviy mehnat sharoitlari bilan ham tanishtirildi.
Matbuot anjumanida esa yoʻl harakati xavfsizligini oshirishga qaratilgan islohotlarning natijalari, oʻtgan yillardagi muvaffaqiyatli tajribalar, shuningdek, kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ustuvor vazifalar muhokama etildi.
Shuningdek, jamoatchilik bilan ochiq muloqot oʻrnatish, fuqarolarning huquqiy xabardorligini oshirish va profilaktik chora-tadbirlar samaradorligini kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan toʻliq va atroflicha javoblar qaytarilib, ochiq va samimiy muloqot muhiti yaratildi.








