Fidoyi xodimlar. Er yigitni el duosi koʻkartirar
2025-06-12 23:00:00 / Yangiliklar

Samarqand viloyati. Samarqand shahridan 120 chaqirim uzoqlikdagi Paxtachi tumani “Saroy” mahallasidagi 1021 ta oilada 3675 nafar aholi istiqomat qiladi. Maqolamiz qahramoni — katta leytenant Dilshod Rahmatov mazkur MFYda profilaktika inspektori lavozimida xizmat olib boradi.
Payariq tumanida tugʻilib oʻsgan Dilshodbek bolalik chogʻlaridanoq, uzoq yillar ichki ishlar organlarida ishlagan otasi, isteʼfodagi podpolkovnik Abdurauf Rahmatovning har kuni xizmat libosini kiyib ishga otlanishiga havas qilardi.
U umumtaʼlim maktabini tamomlagach, Samarqand qishloq xoʻjaligi institutiga oʻqishga kirdi. 2013-yilda oliygohni tugallab, ilk ish faoliyatini Payariq tuman hokimiyatida ish yurituvchi sifatida boshladi.
Keyinchalik tumandagi “Navroʻz” MFYda profilaktika inspektori yordamchisi boʻldi. 2020-yildan buyon “Saroy” mahallasida profilaktika inspektori lavozimida xizmat faoliyatini boshladi. 2023-yilda esa profilaktika katta inspektori etib tayinlandi.
Mazkur mahalla tuman markazidan 15 chaqirim uzoqlikda joylashgan boʻlib, bu yerda xavfsizlik va tinchlikni saqlash profilaktika inspektoridan ikki-uch karra hushyorlikni talab etishini bilgan lavhamiz qahramoni zimmasidagi masʼuliyatli vazifalarni masʼullar va hamkorlarning ham fikr-mulohazalarini eshitib, tahlil qilib, sidqidildan bajarishga odatlangan.
Huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, ayniqsa, tungi vaqtlarda osoyishtalikni taʼminlashda xizmat majburiyatlariga qatʼiy amal qiladi. Shu bois ham mahalla “yashil” toifada.
- Mahalladami, jamoadami qonun ustuvorligiga erishish, fuqarolarning haq-huquqlarini himoya qilish uchun, avvalo, jamoat tartibini saqlash zarur, — deydi “Saroy” MFY raisi Inobat Muhammadiyeva. — Bu, oʻz navbatida, aholining huquqiy savodxonligi, huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan profilaktika ishlarini kuchaytirishni taqozo etadi.
Tadbirlar maqsadli va samarali boʻl-mogʻi kerak. Odamlarning roziligini olish oson emas.
Dilshod Rahmatov buni uddalayapti.
- Qasamyod — Oʻzbekiston Respublikasi xalqi va Prezidentiga sadoqat bilan xizmat qilish uchun ichilgan ontdir, — deydi katta leytenant D. Rahmatov. — Qasamyodiga sodiq qolish ichki ishlar organlari xodimlaridan metin iroda va yuksak vatanparvarlikni talab qiladi. Men bu yoʻlda izlanish va harakat qilishdan toʻxtamayman. Chunki kasbimni yaxshi koʻraman.
Baxtli oila sohibining tanlagan kasbu koridan baraka, ishida unum boʻladi.
Ishdan keyin xizmat uyiga, oilasi bagʻriga oshiqadigan qahramonimiz ham namunali oila boshligʻi. U rafiqasi Muhayyoxon bilan shiringina qizalogʻi Afroʻzani ulgʻaytiryapti. Ertangi kun uchun koʻngliga tukkan maqsadlari, istaklari bisyor.
Bu borada har qancha mashaqqatlar boʻlsada, uni choʻchitmaydi. Gʻayrati va shijoati joʻshib, marrani baland olib, xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish shiori. Zero, er yigitni el duosi koʻkartirar.
©️ “Postda” gazetasi, Umida Mamadaliyeva, Samarqand viloyati.
