Madaniy hordiq. Gullar festivalining jozibasi
2025-06-12 07:45:00 / Yangiliklar

Fargʻona viloyati ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan bir guruh xodimlar va ularning oila aʼzolari Namangan shahri markazidagi Bobur bogʻida oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalida bevosita ishtirok etishdi. Festival doirasida tashkil qilingan koʻrgazmalar, gul yetishtirish va landshaft dizayni boʻyicha mahorat darslari, folklor ansambllari va oʻzbek estradasi yulduzlarining chiqishlari, milliy hunarmandchilik va xalq amaliy sanʼati asarlari namoyishi ishtirokchilarning kayfiyatini koʻtarib, bir olam zavq ulashdi.
— Ayol kishi tabiatan gullarni yaxshi koʻradi. Men ham ushbu xalqaro festivaldan juda zavq oldim. Turfa gullarning jozibasini koʻrib, charchoqlarim tarqalib ketdi, — deydi Quvasoy shahar IIB JXX HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, mayor Gulshoda Oʻktamova.
Oʻz muxbirimiz.
