Sport vazirligida Qoʻl jangi boʻyicha Jahon chempionati gʻoliblarini taqdirlashga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi
2025-06-10 10:00:00 / Yangiliklar

Mazkur tantanali tadbirda Sport vaziri A.Ikramov, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya Qoʻmitasi raisi birinchi oʻrinbosari O.Umarov, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya Qoʻmitasi bosh kotibi O.Qosimov, Qoʻl jangi federatsiyasi raisi — Milliy gvardiya qoʻmondoni R.Djurayev, Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari D.Nazarmuhammedov, Davlat xavfsizlik xizmati raisi oʻrinbosari D.Anarqulov, Prezident Davlat xavfsizligi xizmati raisi birinchi oʻrinbosari A.Moʻminov, Mudofaa vazirining oʻrinbosari Q.Tursunov, Bojxona qoʻmitasi raisi oʻrinbosari O.Choriyev hamda boshqa sohaga oid mutasaddi rahbarlar ishtirok etishdi.
Sport vaziri A.Ikramov tadbirni ochib berib, kirish soʻzida barchani ushbu gʻalaba bilan muborakbod etdi va bu yutuqlar, avvalo, Yurtboshimiz – Oʻzbekiston Milliy Olimpiya Qoʻmitasi raisi Shavkat Mirziyoyevning keng koʻlamli, oqilona va istiqbolli siyosatlari, xususan sohani yuksaltirishga qaratayotgan eʼtiborlari va yaratib bergan shart-sharoitlari samarasi ekanligini eʼtirof etgan holda soʻngi yillarda sport sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va erishilayotgan yutuqlarni sanab oʻtdi.
Yuqorida bildirilgan fikrlarni Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish organlari Qoʻl jangi federatsiyasi raisi-Milliy gvardiya qoʻmondoni R.Djurayev qoʻllab quvvatlagan holda, Davlatimiz rahbari tomonidan 2022-yil 20-iyulda “Qoʻl jangi sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisi”da 287-sonli tarixiy qaror qabul qilinishi, sportchilarni xalqaro darajada tayyorlash uchun mustahkam poydevor boʻlib mutlaqo yangi tizim yaratilishiga keng eshiklar ochib berganiga alohida urgʻu berdi.
Xususan, joriy yilning 30-may — 1-iyun kunlari Turkiyaning Bursa shahrida erkaklar va ayollar oʻrtasida oʻtkazilgan qoʻl jangi boʻyicha Jahon chempionatida 32 davlatdan 400 dan ortiq qoʻl-jangchilar ishtirok etganligi va ushbu chempionatda Oʻzbekiston terma jamoasi sportchilari 10 ta oltin, 5 ta kumush va 5 ta bronza medallarini qoʻlga kiritib umumjamoa hisobida faxrli 1-oʻrinni (2-oʻrinni Rossiya, 3-oʻrinni Qozogʻiston jamoalari egalladi) egallaganliklari bunga yaqqol misol boʻla olishi haqida fikr bildirildi.
Buning mantiqiy davomi sifatida, navbatdagi gʻalaba, qoʻl jangi boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi tomonidan Gretsiyaning Lutraki shahrida 3 – 8-iyun kunlari boʻlib oʻtgan Butunjahon sport oʻyinlari musobaqalarida qoʻlga kiritilganligi muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Unda dunyo boʻylab 60 ga yaqin davlat sportchilari 28 ta sport yoʻnalishi boʻyicha bellashgan boʻlsa, “Qoʻl jangi” musobaqasida Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari jami 13 ta oltin, 3 ta kumush va 1 ta bronza medallarini qoʻlga kiritib umumjamoa hisobida faxrli 1-oʻrinni (2-oʻrinni Ukraina, 3-oʻrinni Germaniya terma jamoalari ) egallagan holda sportchilarimiz dunyoda yetakchilik qilayotganligini yana bir bor isbotlagani haqida soʻz yuritildi.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya Qoʻmitasi raisi birinchi oʻrinbosari O.Umarov tomonidan, Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari va Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar xodimlaridan iborat qoʻl jangi ustalari oʻzlarining vatanparvarligi, intizomi, shijoati va sadoqati bilan barcha sportchilarga namuna boʻlib kelayotganliklari hamda bu jihatlarni yoshlarga singdirishda koʻmakdosh ekanliklari alohida taʼkidlanib bu borada sport federatsiyalari oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan fikr mulohazalar bildirildi.
Shundan soʻng, anʼanaga koʻra, Sport vaziri, A.Ikramov, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya Qoʻmitasi raisi birinchi oʻrinbosari O.Umarov, Qoʻl jangi federatsiya raisi — Milliy gvardiya qoʻmondoni R.Djurayev hamda Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari va Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar mutasaddi rahbarlari tomonidan xalqaro musobaqalarda gʻolib boʻlgan va faol ishtirok etgan sportchilar, murabbiylar, hakamlar hamda federatsiya shtab aʼzolari munosib taqdirlandilar.
Tadbir yakunida, mazkur tarixiy gʻalabalarga hissa qoʻshgan sportchilarga, murabbiylarga, hakamlarga va Qoʻl jangi federatsiyasi jamoasiga yana bir bor minnatdorlik bildirilib, bu kabi gʻalabalar bardavom boʻlishiga katta ishonch bildirildi.









