Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi tomonidan Jizzax viloyati hududlarida kompleks inspektorlik tekshiruvlari oʻtkazilmoqda
2025-06-09 18:35:00 / Yangiliklar

Xabaringiz bor, IIV ishchi guruhi tomonidan respublikamiz hududlarida kompleks inspektorlik tekshiruvlari oʻtkazilmoqda. Bugun ana shu ishchi guruh Jizzaxda faoliyatini boshladi. Mazkur jarayon avvalida ishchi guruh aʼzolari, viloyat IIB, sohaviy xizmatlar hamda hududiy ichki ishlar organlari masʼullari ishtirokida yigʻilish tashkil qilinib, amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab olindi.
Chunonchi, tadbirda soʻzga chiqqan Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, general-mayor Bahodir Mirzarahimov hududiy ichki ishlar organlari va sohaviy xizmatlarning 2024-yil va joriy yilning oʻtgan davridagi faoliyatini oʻrganish yuzasidan topshiriqlar berdi. Chunonchi, notiq davlatimiz rahbarining shu yil 3-yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” qarorining ijrosi, kriminogen vaziyatni kompleks tahlil qilish, ijtimoiy profilaktika masalalariga eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidlab oʻtdi.
Yigʻilishda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishga qaratilgan faoliyat samaradorligi oʻrganilishi va shu asosda soha masʼullari ishiga huquqiy baho berilishi maʼlum qilindi. Shundan soʻng ishchi guruh aʼzolari kompleks inspektorlik tekshiruvlari oʻtkazish uchun belgilangan hududlarga chiqib ketdilar.
Jizzax viloyati IIB Axborot xizmati





