Ichki ishlar vazirligi rahbariyati IIV Akademiyasida tergov faoliyatining dolzarb masalalari yuzasidan yosh kadrlar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi
2025-06-06 11:00:00 / Yangiliklar

Magistraturada boʻlib oʻtgan tadbirda tergov faoliyatida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash maqsadida amaliyotga joriy qilinayotgan mexanizmlar, shu bilan birga, soha oldida turgan dolzarb vazifalar xususida soʻz bordi.
Vazir oʻrinbosari keyingi yillarda ichki ishlar organlarining jinoyatlarni tergov qilish faoliyati tubdan isloh qilingani, sohadagi yangilanishlar jamiyatda inson qadrini ulugʻlashdek ezgu gʻoyaga xizmat qilayotganini taʼkidladi.
Bugungi kunda huquqni qoʻllash amaliyotida, xususan, ishni sudga qadar yuritish bosqichida ayrim muammolar mavjudligi, bu borada tizimli chora-tadbirlar koʻrilayotgani qayd etildi.
Ochiq muloqotda muammolar tahlil qilinib, rahbar kadrlar oldida turgan ustuvor vazifalar, mamlakatimizda kechayotgan keng qamrovli islohotlarning dolzarb talablari yetkazildi.
Shuningdek, vazir oʻrinbosari kunduzgi taʼlimning “tergov faoliyati” ixtisoslik yoʻnalishida tahsil olayotgan kursantlar bilan ham uchrashdi. Ochiq muloqotda yosh kadrlar amaliyotda duch kelayotgan muammolar, surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida eʼtibor qaratilishi zarur boʻlgan jihatlar, sodir etilgan jinoyatlarga toʻgʻri huquqiy baho berish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar davrida soha uchun kadrlar tayyorlash tizimi takomillashtirilgani, akademiya taʼlim jarayonida nazariya va amaliyot uygʻunligini taʼminlash maqsadida ilgʻor yondashuvlar yoʻlga qoʻyilgani, kursantlar kasbiy bilimlarni mukammal egallagan holda amaliyotga yuqori malakali kadr sifatida borishi zarurligi taʼkidlandi.
Uchrashuvda yoshlarga koʻplab tavsiyalar berildi. Yigʻilganlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati






