Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi tomonidan Xorazm viloyatida kriminogen vaziyat murakkab boʻlgan mahallalarda xavfsizlikni taʼminlash chora-tadbirlari oʻrganildi
2025-06-06 09:00:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi tomonidan Xorazm viloyatidagi kriminogen vaziyati murakkab boʻlgan mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar manzilli oʻrganildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 3-yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-1-sonli Qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Xorazm viloyatidagi 70 ta mahallada kriminogen vaziyati murakkab deb topilib, ushbu mahallalarga masʼul rahbarlar biriktirilgan.
Joriy yilning 4-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari, polkovnik Ayubxon Rahmatullayev rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Xorazm viloyatidagi kriminogen vaziyati murakkab boʻlgan Urganch shahridagi “Nurli hayot”, “Doʻstlik”, “Mashʼal”, Xonqa tumanidagi “Gulgʻuncha” va Xiva shahridagi “Gazchilar” mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar manzilli tarzda oʻrganildi.
Ishchi guruh tomonidan mazkur mahallalarga biriktirilgan masʼullar va mahalla yettiligi ishtirokida huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan ijtimoiy-profilaktik chora-tadbirlar reja-dasturining ijrosi tahliliy oʻrganildi.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlarga qaramasdan joriy yilning oʻtgan davrida Urganch shahridagi “Doʻstlik” va Xonqa tumanidagi “Gulgʻuncha” mahallalarida qasddan odam oʻldirish jinoyati sodir etilganligi bois masʼullarning faoliyati tanqidiy baholandi.
Oʻrganishlar natijasidan kelib chiqib, kelgusida mahallalarda jinoyatlarning barvaqt oldini olishga qaratilgan ustuvor vazifalar toʻgʻrisida masʼul rahbarlarga tegishli koʻrsatma va tavsiyalar berildi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati








