Toshkent shahar IIBB futbol jamoasi XXXIV-Spartakiadasida faxrli ikkinchi oʻrinni egalladi
2025-06-04 09:00:00 / Yangiliklar

Avval xabar berganimizdek, Toshkent shahar IIBB futbol jamoasi XXXIV-Spartakiadasidan oʻrin olgan futbol musobaqalarida faol ishtirok etib, final bosqichlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritib kelmoqda.
Joriy yilning 31-may kuni Respublika Ichki ishlar vazirligi “Jar” sport-sogʻlomlashtirish majmuasida ushbu bellashuvlarning soʻnggi tur oʻyinlari va gʻoliblarni tantanali taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Mazkur musobaqaning final bosqichida Toshkent shahar IIBB hamda Oʻzbekiston Respublikasi davlat xavfsizlik xizmati jamoalari oʻzaro hal qiluvchi bahslar uchun maydonga tushishdi.
Gʻoliblik shohsupasining birinchi oʻrindan joy olish uchun kechgan qizgʻin va shiddatli oʻyinlarda Prezident davlat xavfsizligi xizmati terma jamoasi faxrli 3-oʻrinni, Toshkent shahar IIBB terma jamoasi 2-oʻrinni, birinchilikni esa Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati jamoasi qoʻlga kiritdilar.
Musobaqaning gʻolib va sovrindor jamoalariga tegishli diplom, medal, kubok hamda esdalik sovgʻalari muxlislarning davomiy olqishlari ostida tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, Bosh boshqarma terma jamoasining gʻalaba qozonishiga fidoyilik, jismoniy tayyorgarlik va tashabbuskorlik sifatlari bilan hissa qoʻshgan bir guruh masʼullarning nomlari qayd etib oʻtildi.
Ushbu musobaqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar oʻrtasidagi hamkorlik va oʻzaro hurmat, jismoniy chiniqish va xizmat masʼuliyatini oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlarni mustahkamlab, xizmat faoliyatlarda yuksak vatanparvarlik gʻoyalarini shakllantirishda muhim oʻrin tutishi taʼkidlandi.
Gʻalabani qoʻlga kiritishda gʻayrat-shijoat, yakdillik, mahorat koʻrsatgan futbol terma jamoamizni faxrli oʻrin bilan muborakbod etib, ularga xizmat va shaxsiy hayotlarida hamisha omad va zafarlar yor boʻlishini tilab qolamiz.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati
