IIV Akademiyasida sirtqi taʼlim fakulteti tinglovchilarining bitiruv marosimiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi
2025-06-03 11:10:00 / Yangiliklar

Unda taʼlim muassasasi rahbariyati va professor-oʻqituvchilari, Milliy gvardiya qoʻmondonligi, Bojxona qoʻmitasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida davlat madhiyamiz yangradi.
Akademiya boshligʻi Rustam Xatamov soʻz olib, muhtaram Prezidentimiz rahbarligida xalqimiz manfaatlari yoʻlida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga toʻxtaldi.
Inson qadrini ulugʻlash, odamlarni rozi qilish, xalqimizning osoyishta va farovon hayotini taʼminlash barcha davlat organlari faoliyatining asosiy mezoni ekanligi, jamiyatimizda kechayotgan yangilanishlar yuksak daxldorlik va masʼuliyat hissi bilan yashashga daʼvat etayotgani taʼkidlandi.
Tadbirda mahallalarda xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar ham alohida qayd etildi.
Hududlarning kriminogen vaziyati bilan bogʻliq muammolarni hal qilish boʻyicha samarali tizimning yoʻlga qoʻyilgani ijobiy natija berayotgani aytildi.
Akademiya boshligʻi bitiruvchilar oldida turgan dolzarb vazifalarga toʻxtalib, yigʻilganlarni qizgʻin muborakbod etdi. Shundan soʻng oʻqishni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga “yurist” malakasini beruvchi diplomlar tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirda, shuningdek hamkor huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar vakillari ham soʻz olib, akademiyada yoʻlga qoʻyilgan zamonaviy taʼlim jarayonlari, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan ilgʻor yondashuvlar, ulkan oʻzgarishlarni eʼtirof etdilar.
– Safdoshlarim nomidan, avvalo, taʼlim bergan ustozlarimga samimiy minnatdorlik bildiraman. Oʻquv dargohida olgan bilim va koʻnikmalarimiz kelgusi faoliyatimizda mustahkam tayanch boʻlishi, shubhasiz.
Mutaxassislik diplomini qoʻlga olarkanman, ona Vatanimiz va xalqimiz oldidagi masʼuliyat yanada ortganini his qildim, – dedi Shahnoza Sheraliyeva.
Tadbir badiiy havaskorlik jamoalari tomonidan ijro qilingan “Vatan posbonlari” qoʻshigʻi bilan yakunlandi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati









