Faxriylar – faxrimiz. Hamisha tetik va bardam
2025-06-02 23:00:00 / Yangiliklar

Bu insonni koʻrgan odam shu yoshda buncha kuch-quvvatni qayerdan olarkan, degan oʻyga boradi. Bir qarasangiz, Ichki ishlar vazirligi Faxriylar kengashida, bir qarasangiz, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasida va boshqa jamoat ishlarida ham faol. Gap ichki ishlar organlarida qariyb 43-yil faoliyat yuritgan isteʼfodagi polkovnik Avaz Azizxoʻjayev haqida ketyapti.
Fargʻona viloyatida tavallud topgan lavhamiz qahramoni oʻrta maktabni tugatib, bir necha yil Toshkent metropolitenida ishladi. Soʻng otasi Abbos Azizxoʻjayevning izidan borib, Toshkent yuridik institutining sirtqi boʻlimida oʻqidi.
Ichki ishlar organlaridagi faoliyatini IIV Toshkent temir yoʻl tarmoq IIBda boshladi. Bir necha yil ushbu qaynoq xizmat ogʻushida boʻlgan yosh xodim sekin-asta xizmat pilla-poyalaridan koʻtarilib, masʼuliyatli vazifalarda xizmat qildi.
Bir muddat IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasida masʼul lavozimlarda faoliyat olib borgan A.Azizxoʻjayev keyinchalik Transportdagi IIB Toshkent tar-moq boshqarmasi boshligʻi va IIV “Dinamo” jismoniy tarbiya va sport jamiyati kengashi raisining birinchi oʻrinbosari sifatida oʻzini koʻrsatdi.
2006-yildan esa Ichki ishlar vazirligi markaziy apparatida masʼul lavozimlarda hamda IIV Akademiyasi boshligʻining referenti vazifasida sidqidildan xizmat qilib, 2021-yilda izzat-ikrom bilan pensiyaga kuzatildi.
Yuqorida taʼkidlaganimizdek, A.Azizxoʻjayev pensiyaga chiqsada, uyda oʻtirib qolmadi. Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasida faoliyatini davom ettirdi. Bir vaqtning oʻzida IIV Faxriylar kengashi raisining birinchi oʻrinbosari sifatida oʻzining koʻp yillik boy tajribasi hamda koʻnikmalarini ichki ishlar organlarida faoliyat yuritayotgan xodimlar va yoshlar bilan oʻrtoqlashib kelmoqda.
Turmush oʻrtogʻi Dildor aya bilan ikki oʻgʻil, ikki qizni voyaga yetkazib, elu yurt uchun foydasi tegadigan yetuk kadrlar qilib ulgʻaytirishdi.
Yaqinda Avaz aka tabarruk 75 bahorni qarshi oldi. Shu munosabat bilan Ichki ishlar vazirligi tomonidan isteʼfodagi polkovnikning sohaga qoʻshgan hissasi eʼtirof etilib, samimiy tilaklar bildirildi.
Shuningdek, OʻFA rahbariyati ham u kishining soʻnggi yillarda futbolimiz erishgan yutuqlardagi oʻrnini alohida taʼkidlab, “Jismoniy tarbiya va sport aʼlochisi” koʻkrak nishoni hamda assotsiatsiyaning maxsus medalini tantanali ravishda topshirishdi.
Biz ham koʻp yillar ichki ishlar organlarida fidoyilarcha faoliyat yuritgan va hozirda ham soha rivoji uchun bel bogʻlab xizmat qilayotgan isteʼfodagi polkovnik Avaz Azizxoʻjayevga uzoq, umr va sihat-salomatlik tilab qolamiz.
©️ “Postda” gazetasi, Sarvar Sobirov, Toshkent shahri.
