Ayol va jamiyat. Uringan ish oʻrinsiz qolmas
2025-06-02 07:45:00 / Yangiliklar

Bandixon tumani IIB JXX HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, leytenant Soʻgʻdiyona Usmonova tomonidan mahallalarda olib borilayotgan tizimli va maqsadli profilaktik tadbirlar oʻz samarasini berib, xotin-qizlar oʻrtasida jinoyatchilik darajasi 2024-yilga nisbatan sezilarli darajada kamaygani kuzatilmoqda. Xususan, tovlamachilik, firibgarlik, tan jarohati yetkazish kabi jinoyatlar boʻyicha koʻrsatkichlar pasaygani targʻibot ishlarining natijadorligini koʻrsatadi.
- Xotin-qizlar bilan individual tarzda ishlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda, — deydi leytenant Soʻgʻdiyona Usmonova. — Jumladan, profilaktika hisobida turuvchi 45 nafar hamda probatsiya roʻyxatidagi 8 nafar xotin-qiz bilan yakka tartibda suhbatlar tashkil etildi, ularning ijtimoiy va shaxsiy muammolari oʻrganilib, tegishli choralar koʻrildi. 3 nafar ayol tuman hokimligi bilan hamkorlikda uy-joy bilan taʼminlandi. Yana 15 nafar xotin-qiz ip yigirish korxonasi hamda tikuvchilik sexlariga ishga joylashtirildi.
2025-yilning oʻtgan 5 oyi davomida IIBga murojaat qilgan hamda tazyiq va zoʻravonlikka uchragan ayollar holati oʻrganilib, ulardan 80 nafariga himoya orderi berildi. Shu tariqa ayollar xavfsizligi taʼminlanib, qayta zoʻravonlik holatlarining oldi olindi.
Shuningdek, ajralish yoqasida turgan, sudda koʻrib chiqilayotgan yoki nizoli deb topilgan oilalar bilan ishlashga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Joriy yilda tumandagi umumiy xotin-qizlar soni 49 976 nafarni tashkil etib, 35 ta oila notinch va nizoli, 43 ta oila ajralish yoqasida turibdi. Ushbu oilalar bilan ijtimoiy, psixologik va huquqiy yordamni oʻz ichiga olgan choralar koʻrilmoqda.
Shu kabi tizimli ishlar davom etarkan, xotin-qizlar oʻrtasida jinoyatchilikni yanada kamaytirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, oilalar mustahkamligini taʼminlashda muhim bosqichlarga erishilishi shubhasiz.
Feruza RAHMONQULOVA, oʻz muxbirimiz.
Surxondaryo viloyati.
