Ichki ishlar vazirligining ishchi guruhi tomonidan Xorazm viloyatida oʻtkazilgan kompleks inspektorlik tekshiruvi yakunlariga bagʻishlangan tahliliy yigʻilish boʻlib oʻtdi
2025-06-01 01:05:00 / Yangiliklar

Tadbirda Ichki ishlar vazirligining sohaviy xizmat rahbarlari, Xorazm viloyati hamda tuman va shahar darajasidagi ichki ishlar organlari rahbarlari hamda tegishli xizmatlarning masʼullari ishtirok etdilar. Yigʻilishda ichki ishlar organlari xizmatining joriy holati, faoliyat samaradorligi, shaxsiy tarkibning kasbiy tayyorgarligi, xizmat intizomi va jamoat xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlar toʻliq tahlil etildi.
Taʼkidlanishicha, mazkur tekshiruv ichki ishlar organlari faoliyatini har tomonlama takomillashtirish, mavjud muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etishga qaratilgan samarali va maqsadli chora-tadbirlardan biri sifatida amalga oshirilmoqda.
Tekshiruv jarayonida xizmat intizomi, kadrlar salohiyati, joylarda aholi bilan muloqot qilish madaniyati hamda huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama etildi. Shuningdek tizimdagi ish uslubini tubdan qayta koʻrib chiqish, xizmat samaradorligini oshirish va uni zamonaviy talab va ehtiyojlarga moslashtirish borasida qator aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishgan, namunali xizmat faoliyati uchun aholi hamda safdoshlari tomonidan alohida eʼtirof etilgan bir guruh xodimlar Ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan munosib mukofotlandilar.
Jumladan, Urganch tumani ichki ishlar boʻlimi katta tergovchisi kapitan Azamat Sultonov muddatidan oldin “mayor” maxsus unvoni bilan, viloyat IIB Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi yoʻl-patrul xizmati inspektori safdor Mavlonbek Masharipov “Aʼlo xizmatlari uchun” koʻkrak nishoni bilan, Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi boʻlinma komandiri serjant Sanjar Satimov II darajali “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun” koʻkrak nishoni bilan, Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi muhim topshiriqlar boʻyicha inspektori mayor Umidbek Yusupov III darajali “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun” koʻkrak nishoni bilan hamda Hazorasp tumani ichki ishlar boʻlimi profilaktika inspektori katta leytenant Sharipboy Kutliyev Ichki ishlar vazirligining esdalik qoʻl soati bilan taqdirlandilar.
Majlisda qator sohalarda erishilgan ijobiy natijalar bilan birga, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va tizimdagi muammolarga ham eʼtibor qaratildi. Tekshiruvi natijalariga koʻra, xizmat faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻygan bir qator rahbarlarga nisbatan intizomiy taʼsir choralari qoʻllanildi.
Inspektorlik tekshiruvi natijalariga asosan, xizmat sifatini yaxshilash, tezkorlik va samaradorlikni taʼminlash maqsadida hududiy boʻlinmalarning moddiy-texnik taʼminotini yanada mustahkamlash, zamonaviy ish uskunalari va texnologik vositalar bilan taʼminlash yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.
Yigʻilish yakunida masʼul rahbarlar va xodimlarga xizmat faoliyatini tubdan qayta koʻrib chiqish, belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va toʻliq bajarilishi qatʼiy nazoratga olish hamda har bir choraning amaliy samarasi yuzasidan hisobot berish tartibi joriy etildi.



