Ekpert-kriminalistika xizmati. Xolislikka undaydi
2025-05-31 08:05:00 / Yangiliklar

Podpolkovnik Lutfulla Tolipov xizmat faoliyatini 2012-yilda Yangiyoʻl tumani IIB EKBda boshlab, Toshkent viloyati IIBB hamda Boʻka tumani IIBda ayni yoʻnalishda xizmat faoliyatini davom ettirgan. Hozirgi vaqtda Olmaliq shahar IIB EKG katta eksperti sifatida tekshiruvlaru tahlillarni mohirlik bilan olib bormoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, ekspert-kriminalistika guruhi joriy yilning hozirgi davriga qadar yuzdan ortiq hodisa joyiga chiqqan va tergov-tezkor harakatlarida qatnashgan. Bittadan oʻgʻirlik va talonchilik jinoyatlari fosh etilgan boʻlsa, boshqa koʻplab holatlar xulosa jarayonida. Lavhamiz qahramoni 2023-yil viloyat boʻyicha «eng yaxshi ekspert-kriminalisti» sifatida eʼtirof etilgan.
- Bizning yoʻnalishda sinchkovlik juda muhim. Har doim har bir detalga eʼtiborli boʻlib, kichik dalillarni ham nazardan chetda qoldirmaslik kerak. Zero, jinoyat va hodisalar koʻlami qanday koʻrinishda boʻlmasin, xolislik uchun bular juda muhim, — deydi ekspert.
Lutfulla akaga havas qilib, ikki nafar ukasi ham uning ortidan ergashgan. Biri ichki ishlar organlari kapitani, yana biri Milliy gvardiya tizimida safdor xodim sifatida xizmat qilmoqda. Podpolkovnik L.Tolipov kasbi oʻqituvchi boʻlgan turmush oʻrtogʻi Nihola Tolipova bilan birgalikda ikki nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazishmoqda. Ular yaqinda «Namunali oila» koʻrik-tanlovida Toshkent viloyati miqyosida faxrli uchinchi oʻrinni egallashdi.
Abror POYONOV, oʻz muxbirimiz.
Toshkent viloyati.
