Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻiga biriktirilgan kam taʼminlangan oilalar muammolarini oʻrganish va ularga ijobiy yechim topishga qaratilgan koʻlamli chora-tadbirlar davom ettirilmoqda
2025-05-30 12:50:00 / Yangiliklar

Xabaringiz bor, joriy yilning 23-sentyabr kuni Prezidentimiz tomonidan “Kambagʻallikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish toʻgʻrisida” gi PF-143-sonli Farmoni hamda ““Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-330-sonli Qarori qabul qilinib, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, uning oʻrinbosarlari hamda barcha hududiy ichki ishlar organlari rahbarlariga ham kambagʻal oilalar biriktirilib, manzilli ishlar olib borildi.
Shu jumladan, Boshqarma boshligʻiga biriktirilgan Gʻijduvon tumanining “Koʻlijabbor“ mahallasida istiqomat qiluvchi 5 ta kam taʼminlangan oilalar bilan olib borilgan keng koʻlamli va manzilli ishlar natijasida ularning yashash tarzi tubdan oʻzgardi.
Bugungi kunga kelib ushbu mahalladagi yana 5 nafar kam taʼminlangan fuqarolar Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻiga biriktirilgan boʻlib, ushbu xonadonlarda taalluqli korxona va tashkilotlar masʼullari hamda mahalla yettiligi bilan birgalikda tasdiqlangan reja asosida zaruriy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Har bir xonadonda istiqomat qiluvchi oila aʼzolari bilan individual suhbat oʻtkazilib, ularning mavjud muammolari, qiziqishlari, kelajakdagi rejalari oʻrganildi.
Jarayonda ushbu oilalardagi fuqarolar uchun tibbiy koʻriklar tashkil etilib zaruriy dori-darmonlar hamda oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Shu bilan birga ehtiyojdan kelib chiqib suyultirilgan gaz ballonlari tarqatildi. Xonadonlarni joriy taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, ushbu fuqarolarni kambagʻallikdan chiqarishda eng avvalo ularning qiziqishlari, qobiliyatlari, mavjud istaklaridan kelib chiqib, individual reja asosida ularni kasbga oʻqitish, tadbirkorlikka yoʻnaltirish, muqim daromad manbaini yaratib berish borasidagi ishlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati








