Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari general-mayor Baxodir Mirzaraximov Qashqadaryo viloyatida oʻrganishlarni boshladi
2024-02-13 15:00:00 / Yangiliklar
Vazir oʻrinbosari mahallada huquqbuzarliklar va jinoyatlarni oldini olish, roʻy berganlarini fosh etish, fuqarolar xavfsizligini va bandligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash borasida mahalla yettiligi tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.
“Yashil” toifaga mansub mahallada huquqbuzarliklar va jinoyatlarni erta aniqlab, oldini olish, notinch oilalardagi vaziyatni oʻrganib, muammolarini hal etish, muqaddam sudlanganlar va yoshlarni ish bilan taʼminlash borasida yettilik amalga oshirgan ishlarni Vazir oʻrinbosari yuqori baholadi.
“Xontepa” mahallasi yettiligi bilan boʻlgan suhbatda kelgusida ham mahallani “yashil” toifada boʻlishini taʼminlash, qonunbuzarliklarni oldini olish borasida jamoatchilik kuchidan samarali foydalanish, ichki ishlar va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan tungi vaqtlarda nazorat yanada kuchaytirish, fuqarolar gavjum toʻplanadigan joylarga videokuzatuv moslamalari, xonadonlarni qoʻriqlash pultiga ulashga oid tegishli tavsiya va topshiriqlar berdi.
Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari general mayor Bahodir Mirzaraximov boshchiligidagi ishchi guruh keyingi manzil Qarshi shahridagi “Eski anhor” mahallasida boʻlib, yettilik va mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda kriminogen vaziyatni jilovlash borasida amalga oshirilgan ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Muloqot davomida mahallaning aholi gavjum boʻladigan maskanlarida huquqbuzarliklar va jinoyatlarni oldini olish uchun oʻrnatilgan videokuzatuv moslamalarining ish jarayoni, xonadonlarni qoʻriqlash pultiga ulanishi, qonunbuzarliklarni oldini olish usullari, “Ijtimoiy profilaktika” tizimining ish samaradorligi, “fuqarobay”, “mahallabay” ishlar, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar atroflicha tahlil etildi.
Shundan soʻng, fuqarolar, ayniqsa, yoshlar va ayollarning muammolarini aniqlash va hal qilish, bandligini taʼminlash boʻyicha mahallalar yettiligiga yoʻriqnomalar berdi.
Viloyat IIB JXX JTSB patrul-post xizmati batalyonida boʻlgan Vazir oʻrinbosari xodimlarga yaratilgan shart-sharoitlarni koʻzdan kechirdi. Batalyon navbatchilik qismida aloqa vositalari, maxsus vositalar saqlanadigan xona, dam olish va oshxonada xodimlarga yaratilgan qulayliklarni oʻrganib, oʻzining tavsiya va takliflarini berdi.
Batalyonda sport zalida xodimlar jismoniy chiniqishi uchun yaratilgan sharoitlar, mashq jihozlari, shaxsiy tarkibning merganlik mahoratini oshirishga moslashtirilgan oʻq otish xonasini koʻzdan kechirib, ushbu yoʻnalishdagi ishlarni yanada kuchaytirish boʻyicha masʼullarga tegishli yoʻriqnomalar berdi.
Vazir oʻrinbosarining Qashqadaryo viloyatidagi oʻrganishlari davom etmoqda.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati