Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ishtirokida “Gʻalla – 2025” tadbirlarini xavfsiz va samarali tashkil etish yuzasidan kengaytirilgan yigʻilish oʻtkazildi
2025-05-29 10:00:00 / Yangiliklar

Mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biri boʻlgan qishloq xoʻjaligidagi gʻalla oʻrim-yigʻim tadbirlari davomida yoʻl harakati va yongʻin xavfsizligini taʼminlash, boshoqli don mahsulotlarining talon-taroj qilinishi bilan bogʻliq huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish muhim vazifa.
Joriy yilning 28-may kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida “Gʻalla — 2025” tadbirlarini namunali tashkil etish, jamoat tartibi, yoʻl harakati va yongʻin xavfsizligini taʼminlash, shuningdek dalalarda yetishtirilgan donning talon-taroj qilinishi bilan bogʻliq huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish masalalariga doir kengaytirilgan tezkor yigʻilish oʻtkazildi.
Mirishkor dehqonlarimiz tomonidan ne-ne mashaqqatlar bilan ekib yetishtirilgan, xalqimizning rizqi-roʻzi boʻlgan donni nes-nobud qilmasdan yigʻib-terib olish, oʻrib olingan mahsulotlarni xavfsiz tashish, bunda turli talon-torojliklarga yoʻl qoʻymaslik borasida ichki ishlar organlari, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va keng jamoatchilik bilan hamkorlikda qator manzilli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Videokonferensaloqa tizimi asosida oʻtkazilgan yigʻilishda Ichki ishlar hamda Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari rahbariyati, tegishli sohaviy xizmatlar va oʻrta boʻgʻin rahbarlari, hududiy ichki ishlar organlari boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari hamda FVB masʼullari ishtirok etdi.
Bugungi kunda pishib yetilgan donni nes-nobud qilmasdan yigʻib-terib olish, oʻrib olingan mahsulotlarni xavfsiz tashish, bunda turli talon-torojliklarga yoʻl qoʻymaslik borasida ichki ishlar organlari, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va keng jamoatchilik bilan hamkorlikda amalga oshirilishi lozim boʻlgan manzilli tezkor hamda profilaktik tadbirlar yuzasidan topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari don qabul qilish maskanlarida ham xavfsizlikni taʼminlash, gʻalla oʻrim-yigʻim ishlarining toʻgʻri tashkil qilish, tadbirga jalb etilgan kuch-vositalarga munosib mehnat sharoitlarini yaratish, yongʻin xavfsizligi qoidalariga amal qilish, texnik koʻrikdan oʻtkazilib, mavsumga shay holatga keltirilgan gʻalla oʻrim kombaynlari, don tashish uchun moʻljallangan yuk mashinalari va boshqa texnikalarning talafotsiz ishlashini doimiy nazoratga olish yuzasidan ham koʻrsatmalar berildi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati




