Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-son Qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Baliqchi tumanida ichkilik oqibatida sodir etilgan jinoyat sabablari keng jamoatchilik oʻrtasida muhokama qilindi
2025-05-28 08:55:00 / Yangiliklar

Andijon viloyati prokurori Murodillo Abduhakimov hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Sanjar Djabarovlar raisligida boʻlib oʻtgan muhokamada Baliqchi tumani hokimi, huquq-tartibot organlari rahbarlari, tashkilot-muassasalar masʼullari, “mahalla yettiligi” aʼzolari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida, Baliqchi tumani, Mallachek mahallasi hududida mastlik oqibatida sodir etilgan jinoyat sabablari va uning oqibatlari jamoatchilikka atroflicha yetkazilib, ushbu jinoyatning kelib chiqishiga shart-sharoit yaratgan omillar tub ildizigacha tahlillar asosida tanqidiy muhokama qilindi.
Oldini olish mumkin boʻlgan ushbu jinoyatni sodir etilishiga yoʻl qoʻygan barcha masʼullarga belgilangan tartibda jazo choralari koʻrilishi aytib oʻtildi.
Shuningdek, tumanda “Tigʻ” profilaktik tadbirlari sust darajada oʻtkazilayotganligi, bunga masʼul boʻlganlar tomonidan ish talab darajasida tashkil etilmaganligi ham tanqid ostiga olinib, bu boradagi targʻibot ishlarini kuchaytirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Muhokama yigʻilishida “mahalla yettiligi” aʼzolari va boshqa masʼullar tomonidan ushbu sodir etilgan ayanchli holatdan oʻzlariga yetarlicha xulosa chiqargan holda kelgusida bunday jinoyatlarga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, oʻtkazilgan muhokamada bugungi kunda keng tus olayotgan kibefiribgarlik xususida ham atroflicha soʻz yuritildi. Bugungi kunda fuqarolarning ushbu turdagi jinoyatlar qurboniga aylanib qolishlarida ularning ishonuvchanligi sabab boʻlayotganligi keskin tanqid ostiga olinib, barcha ogohlikka chaqirildi.
Tadbir yakunida kelgusida bu kabi salbiy holatlarga yoʻl qoʻymaslik borasida tegishli mutasaddilarga muhim chora-tadbirlar belgilab berildi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati









