Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi jamoasi dzyudo boʻyicha xalqaro turnirda faxrli 2-oʻrinni egalladi
2025-05-27 11:00:00 / Yangiliklar

2025-yilning 22–25-may kunlari Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida xizmat vazifalarini bajarish vaqtida halok boʻlgan xodimlar xotirasiga bagʻishlangan XIX xalqaro turnir boʻlib oʻtdi. Turnirda armiya va politsiya xodimlari oʻrtasida dzyudo sporti boʻyicha erkaklar jamoaviy musobaqasi tashkil etildi.
Ushbu nufuzli turnirda Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Tojikiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston davlatlari, shuningdek Rossiyaning ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar, Rosgvardiya, Jazoni ijro etish, Qoʻriqlash federal xizmatlari va Mudofaa vazirligi jamoalari ishtirok etishdi. Umumiy hisobda 15 jamoadan 200 nafarga yaqin sportchilar gʻoliblik uchun kurash olib bordilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi musobaqada ikki jamoa bilan ishtirok etdi. Vazirlikning birinchi terma jamoasi yuqori natijalarni namoyish etib, turnir yakuni boʻyicha sharafli 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Birinchi oʻrin Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi jamoasiga nasib etdi. Uchinchi oʻrin esa Rosgvardiya hamda Qozogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi jamoalariga berildi.
Ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi terma jamoasi tarkibidagi sportchilar quyidagi natijalarni koʻrsatdilar:
- 66 kg vazn toifasida: Farmonov Axrorjon Axtam oʻgʻli – Navoiy viloyati IIB TVBSO katta mutaxassisi, katta serjant;
- 73 kg vazn toifasida: Inayatov Baxrom Baxadirovich – Toshkent shahar IIBB TVBSO guruh komandiri, katta leytenant;
- 81 kg vazn toifasida: Abdullayev Umidjon Sayfiddinovich – Buxoro viloyati IIB TVBSO katta mutaxassisi, kichik serjant;
- 90 kg vazn toifasida: Boboyev Gʻiyosjon Bekmurodovich – Toshkent shahar IIBB TVBSO katta mutaxassisi, kichik serjant;
- +90 kg vazn toifasida: Choriyev Dilshod Qobilmuxammadovich – IIV Akademiyasi Jismoniy tayyorgarlik kafedrasi oʻqituvchisi, katta leytenant.
Jamoaning murabbiyi sifatida IIV maxsus operatsiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Saidkarim Alimov, shuningdek terma jamoa vakili sifatida Jismoniy va jangovar tayyorgarlikni tashkil etish boshqarmasi boshligʻi, podpolkovnik Umrbek Rajabov ishtirok etdilar.
Xalqaro turnir yakunida gʻoliblar maxsus diplom va medallar bilan taqdirlandilar. Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari 25-may kuni Toshkent xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi.
Mazkur xalqaro musobaqa 2007-yildan buyon muntazam ravishda oʻtkazib kelinmoqda. Bu kabi sport musobaqalari ichki ishlar organlari xodimlarining jismoniy tayyorgarligini mustahkamlash bilan bir qatorda, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga ham xizmat qiladi.









