Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazida IIV Akademiyasi magistrlari uchun oʻquv seminari tashkil qilindi
2025-05-27 09:00:00 / Yangiliklar

Tadbir avvalida markaz rahbari, siyosiy fanlar doktori Otabek Hasanov soʻz olib, ikki tomonlama hamkorlik doirasida oʻtkazilayotgan mashgʻulotlar ichki ishlar organlari uchun zamonaviy boshqaruv kadrlarini tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi.
Oʻquv seminari davomida mamlakatimiz hayotida kechayotgan oʻzgarishlar jarayonida davlat xizmatchilari, xususan, ichki ishlar organlari xodimlariga qoʻyilayotgan talablar, tizim xalqchilligini oshirish omillari, aholi bilan ishlashning zamonaviy yondashuvlari, xodimlarda kasbiy barqarorlik va axborot xurujlariga qarshi immunitetni shakllantirish yoʻllari kabi mavzularda mashgʻulotlar oʻtkazildi.
Shu kuni tinglovchilar markaz faoliyati hamda axborot maydonida raqobatbardosh milliy kontent yaratish borasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdilar.
Mashgʻulotlar poytaxtimizdagi Millat fidoyilari xiyobonida davom ettirildi. Mustaqillik yillari yurt himoyasi yoʻlida halok boʻlgan vatandoshlarimiz xotirasini abadiylashtirish maqsadida barpo etilgan majmua iftixor tuygʻularini uygʻotdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati








