Buxoro viloyati IIB rahbariyati olis Olot tumanining 35-sonli umumtaʼlim maktabi bitiruvchilariga Prezident tabrigini yetkazdi
2025-05-24 18:00:00 / Yangiliklar

“Ilm-eng buyuk sharaf“ shiori ostida oʻtkazilgan tantanali tadbir oʻquvchilarning joʻrligida Oʻzbekiston Respublikasi madhiyasini kuylashdan boshlandi.
Shundan soʻng, Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi soʻzga chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining bitiruvchi oʻgʻil-qizlarga yoʻllagan tabrigini oʻqib eshittirdi.
Shuningdek, boshqarma boshligʻi oʻz soʻzida bugungi kunda yoshlarning taʼlim-tarbiya olishlari uchun mamlakatimizda yaratilgan keng koʻlamli imkoniyatlarni eʼtirof etib, ushbu sharoitlardan oqilona foydalangan holda kelajakda vatanimizning mard, jasur, yuksak bilim va salohiyatli yoshlari boʻlib yetishishlari zarurligini alohida taʼkidladi.
Tadbir davomida mamlakatimizda taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar xususida keksa avlod vakillarining ham fikr mulohazalari tinglandi.
Shu bilan birga taʼlim jarayonida yuqori natijalarni qayd etgan bir qator oʻqituvchi va oʻquvchi yoshlar faxriy yorliq va qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.
Maktab maʼmuriyati tomonidan taʼlim dargohi bilan uzviy hamkorlikni yoʻlga qoʻygan namunali ota-onalar ham taqdirlandilar.
Shu kuni oʻquvchilar tomonidan tayyorlangan musiqiy chiqishlar, barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









