“Oila-xodim-rahbar” oyligi doirasida Toshkentda IIBB xodimlari va ota-onalari ishtirokida samimiy uchrashuv boʻlib oʻtdi
2025-05-24 10:00:00 / Yangiliklar

“Oila-xodim-rahbar samimiy muloqoti” oyligi doirasida kuni kecha poytaxtimizning muhtasham “Turkiston” saroyida IIBB Yoʻl harakati xavfsizligi va Patrul-post xizmati boshqarmalari xodimlari bilan yigʻilish oʻtkazildi.
Xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash, oʻz vazifalarini sidqidildan bajarib, poytaxtimiz hududida tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash, jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilik, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasida fidoyi xizmat qilib kelayotgan xodimlarni ragʻbatlantirish orqali ularda xizmatga boʻlgan ishtiyoqi va ijobiy munosabatlarini shakllantirishga qaratilgan uchrashuvda YHXB, PPXB xodimlari, ularning ota-onalari va faxriylar ishtirok etishdi.
Tadbirni poytaxt IIBB boshligʻi, polkovnik Ravshan Sultanxodjayev kirish soʻzi bilan ochib berarkan, u oʻz nutqida soʻnggi yillarda ichki ishlar organlari faoliyatini zamon talablariga mos ravishda tashkil etish borasida hukumatimiz tomonidan ellikdan ortiq qonunlar, Prezidentimizning bir yuz ellikdan ziyod Farmon va Qarorlari, Vazirlar Mahkamasining ikki yuz ellikdan ortiq qarorlari qabul qilinganligiga urgʻu berdi.
Qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda ichki ishlar organlarida kadrlar siyosati, kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirishni samarali yoʻlga qoʻyish, maʼnaviy-maʼrifiy shakllanishi va ragʻbatlantirish ishlarini tashkillashtirish, xizmatni oʻtash tartibi va mehnat munosabatlariga rioya etish, shuningdek, ijtimoiy himoya jarayonlarini taʼminlash borasidagi jihatlarga eʼtibor berilayotgani, ushbu hujjatlarda ichki ishlar organlari xodimlari ijtimoiy-huquqiy himoyasini taʼminlash meʼyorlari belgilangani, eng muhimi, kundan kunga ichki ishlar organlari xizmati ilgʻor, zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlanib, moddiy-texnika bazasi mustahkamlanayotgani barobarida xodimlarning xizmat oʻtash va yashash sharoitlari yaxshilanib borayotganiga toʻxtaldi.
Xodimlar faoliyatini va ijtimoiy himoyasini yaxshilash uchun muhtaram Prezidentimizning qarorlari bilan yigirmaga yaqin turli xil imtiyozlar jumladan: imtiyozli ipoteka krediti asosida uy-joylar sotib olish, dastlabki foiz pulini toʻlab berish, uy-joy sharoitini yaxshilash uchun foizsiz qarz ajratish kabi ijtimoiy va tibbiy yordamlar qatorida farzandlarini maktabgacha taʼlim va bilim yurtlariga qabul qilinishida belgilangan imtiyozlar qayd etib oʻtildi.
Xususan, oʻtgan 2024-yilda 237 nafar xodimlarning farzandlariga oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi uchun imtiyozli tavsiyalar berilgan boʻlsa, 94 nafari davlat granti hamda 70 nafari kontrakt asosida bilim yurtlariga qabul qilingan. IIBB xodimlarining ijtimoiy himoyasiga 27 mlrd. soʻmga yaqin mablagʻ ajratilgan.
Maʼruzachi xodimlar orasida xizmat intizomini, amaldagi qonun talablarini buzayotgan holatlarga ham toʻxtalib, oʻz xizmat mavqelarini suiisteʼmol qilgan, ichki ishlar xodimi degan nomga dogʻ tushirayotgan xodimlar borligi ogʻriqli nuqta ekanligini taʼkidladi.
Shundan soʻng oʻz xizmat burchlarini vijdonan bajarib kelayotgan, poytaxtimiz hududida jamoat tartibini saqlash, fuqarolarimiz xavfsizligini, huquq va erkinliklarini taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida samarali xizmat qilayotgan bir guruh xodimlarimizni taqdirlash uchun soʻz IIBB boshligʻi oʻrinbosari, polkovnik Aliahmed Choriyevga berildi.
A.Choriyev poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan hududda tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash borasida sohaviy xizmatlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga eʼtiborni qaratdi.
Toshkent shahar aholisiga qulayliklar yaratish, koʻchalarda harakat xavfsizligini taʼminlash, yoʻl-transport hodisalari, jinoyatchilikni oldini olish, jamoat tartibini saqlash, xavfsizligini taʼminlash, giyohvandlik va psixotrop moddalarni aniqlash, giyohvandlik bilan bogʻliq jinoyatlarni fosh etish, qidiruvdagi shaxslarni ushlash, ommaviy tadbirlarda barqarorlikni taʼminlash ishlarida faol qatnashib, oʻz vazifalariga vijdonan, sidqidildan yondashib, hamkasblariga oʻrnak boʻlib kelayotgan bir guruh xodimlarga mukofotlar topshirildi. Ularning ota-onalariga minnatdorlik eʼlon qilindi.
Ichki ishlar organlarida samarali mehnat qilib, xizmat muddatlarini oʻtab, nafaqa yoshiga yetgan xodimlar tantanali ravishda nafaqaga kuzatildi.
Yigʻilishning badiiy qismi IIBB qoshidagi “Nihol” havaskorlik guruhining badiiy chiqishlari, shoʻx kuy-qoʻshiqlari, raqslari bilan davom ettirildi.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati









