Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida ichki ishlar organlari sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2025-05-24 18:20:00 / Yangiliklar

Tadbirdan oldin, ichki ishlar vazirlari Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev tomonidan qabul qilindi.
Uchrashuv jarayonida davlat rahbari vazirlarni samimiy qutlab, ularning tashrifi ikki va koʻp tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlab, xavfsizlik, huquqni muhofaza qilish hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish zarurligini qayd etdi.
Shundan soʻng, Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar ichki ishlar vazirlarining navbatdagi ikkinchi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Kun tartibiga muvofiq, tomonlar transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi birgalikda kurashish boʻyicha saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashda axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyish masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshirilayotgan jinoyatlarning oldini olish, ularni aniqlash va tergov qilish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar koʻrish zaruriyati qayd etildi.
Bundan tashqari, Tashkilotga aʼzo mamlakatlar ichki ishlar organlari oʻrtasida raqamlashtirish sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar oʻrtasida raqamli yechimlar va innovatsion texnologiyalardan samarali foydalanish tajribasini oʻrtoqlashish, maʼlumot almashish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha tashabbuslar ilgari surildi.
Tadbir yakunida ishtirokchi davlatlar Tashkilot doirasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va huquqni muhofaza qilish sohasida samarali aloqalarni mustahkamlashga doir Qoʻshma bayonot imzoladilar.
Shuningdek, nufuzli tadbir doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Ozarbayjon, Turkiya, Qozogʻiston va Qirgʻiziston ichki ishlar vazirlari bilan alohida uchrashib, huquqni muhofaza qilish sohasidagi oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.
Muzokaralar chogʻida tomonlar jinoyatchilikka qarshi kurashish, xalqaro terrorizm va ekstremizm tahdidlarini bartaraf etish, odam savdosiga qarshi chora-tadbirlar koʻrish, narkotik vositalarning noqonuniy aylanishiga qarshi qoʻshma harakatlar haqida atroflicha fikr almashdilar.
Shu bilan birga, axborot va tajriba almashinuvi, qoʻshma oʻquv mashgʻulotlari va malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari ham muzokaralar markazida boʻldi. Tomonlar kelgusidagi aloqalarni institutsional darajada rivojlantirishga, amaliy natijalarga yoʻnaltirilgan qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar.








