Profilaktika xizmati. Osoyishtalikni saqlash – burchimiz
2025-05-21 23:00:00 / Yangiliklar

Kosonsoy tumani IIB JXX HPB profilaktika inspektorlari tomonidan yil boshidan buyon jamoat tartibini saqlash hamda fuqarolar xavfsizligi va ijtimoiy-siyosiy vaziyatning barqarorligini taʼminlash borasida bir qator tezkor-profilaktik hamda ogohlantiruv tadbirlari amalga oshirildi.
Xodimlar “Xavfsiz hovli”, “Nazorat”, “Turmush”, “Qoradori”, “Qidiruv” va boshqa tadbirlarda ishtirok etib, jinoyatlarning oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 4,2 foizga kamayishiga erishildi. Voyaga yetmaganlar, ayollar tomonidan jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmagan.
Shuningdek, profilaktika inspektorlari tashabbusi bilan 2 ta fohishaxona saqlash va qoʻshmachilik, 1 ta qimorxona tashkil etish jinoyatlari aniqlandi, 1 ta bosqinchilik, 2 ta oʻgʻrilik jinoyatining “issiq izida” fosh etilishiga erishildi. Tergov harakatlaridan yashirinib yurgan qidiruvdagi shaxs ushlandi.
Yaxshi koʻrsatkichlarga erishayotgan profilaktika inspektorlari — podpolkovnik Shavkatjon Pranov, mayor Aʼzamjon Abdurazaqov, katta leytenant Mirjalol Vahobjonov jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida mahalla yettiligi bilan birgalikda aholi oʻrtasida “xonadonbay” targʻibot ishlarini amalga oshirib kelmoqda.
Xususan, joriy yilning 3-fevral kuni scat taxminan 01:30 larda tuman hududida tungi xizmatga jalb etilgan profilaktika inspektorlari D.Qodirov hamda R.Ahmadaliyev tomonidan “Kosonsoy — Toʻraqoʻrgʻon” yoʻlida oq rangli “Nexia-3” rusumli davlat raqam belgisi boʻlmagan avtomashina toʻxtatib tekshirilganda, salonda 6 nafar shubhali shaxs borligi aniqlandi.
Ushbu shaxslarning yashash manzillari surishtirilganda, ular Fargʻona viloyatidan ekanliklari, bu yerda yashovchi tanishlarining qarzi borligi, shuni olgani kelganliklarini aytishsada, besaranjom holatlari, olazarak boqayotgan koʻzlar yolgʻonlarini fosh etib turardi.
Avtomashina koʻzdan kechirilganda, 2 dona televizor, 5 dona qora rangli niqob, 6 juft rezina qoʻlqop, skotch oʻrami va xoʻjalik pichogʻi borligi aniqlandi. Olib borilgan tezkor-qidiruv va surishtiruv ishlari davomida ushbu avtomashinaning davlat raqami yechib olinib, tuman hududida bosqinchilik jinoyati sodir etib, voqea joyidan yashirinayotgan shaxslar ekanligi maʼlum boʻladi.
©️ “Postda” gazetasi, Sherzod Rajabov, Kosonsoy tumani IIB JXX HPB boshligʻi, podpolkovnik. Namangan viloyati.
