Buxoroda taʼlim muassasasida xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha namunaviy loyiha amalga oshirilmoqda
2025-05-20 18:55:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti boshligʻi D.Nazarmuxamedov Buxoro viloyati, Buxoro shahridagi “Istiqlol” mahalla fuqarolar yigʻinida joylashgan 32-sonli umumtaʼlim maktabida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Taʼlim muassasasida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, oʻquvchilarni huquqiy bilimlarini oshirish va jinoyatchilikning oldini olish borasida bir qator muhim ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, maktab hovlisida maxsus yoʻl harakati xavfsizligi maydonchasi tashkil etildi. Maktabga olib boruvchi yoʻllarga 16 ta yoʻl belgilari oʻrnatilib, maktab oldida sunʼiy notekisliklar va piyodalar oʻtish joylari tashkil etildi.
Shuningdek, maktabdagi yoʻl harakati xavfsizligi xonasi kapital taʼmirlanib, zamonaviy jihozlar bilan taʼminlandi. Maktab atrofida xavfsizlikni yanada mustahkamlash maqsadida 33 ta videokuzatuv kamerasi oʻrnatildi. Maktabga kirib-chiqishni nazorat qilish, turniket tizimini joriy etish va oʻquvchilarning davomati ustidan onlayn kuzatuvni amalga oshirish maqsadida maxsus nazorat oʻtish joyi tashkil qilindi va elektron davomat tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Bundan tashqari, IIV Buxoro Akademik litseyi bilan hamkorlik memorandumi imzolanib, huquqshunoslik fanlari boʻyicha toʻgarak faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Tashrif davomida Buxoro viloyati IIB Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati hamda viloyat IIB Tezkor boshqaruv markaziga ham tashrif buyurildi. Tezkor boshqaruv markazidagi “Xavfsiz shahar” yagona apparat-dasturiy platformasiga integratsiya qilingan kuzatuv kameralari va ularning ishlash prinsiplari haqida taqdimot oʻtkazildi. Bu tizim orqali jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish va jamoat tartibini saqlash borasida keng imkoniyatlar yaratilgan.
Bu kabi tizimli ishlar taʼlim muassasalarida xavfsiz va huquqiy muhitni taʼminlash, oʻquvchi yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qilishi shubhasiz.



