Otam bilan faxrlanaman. Shijoatda bizdan oldinda
2025-05-20 08:20:00 / Yangiliklar

Bolalik xotiralarim haqida oʻylasam, mehri talabchanlik bilan yoʻgʻrilgan, qatʼiyatli va irodali inson, hayotda oʻz oʻrnimni topishimga astoydil koʻmak bergan padari buzrukvorimdan minnatdor boʻlaman. Ota izidan borib, ichki ishlar organi sohasida samarali faoliyat olib borayotgan boʻlsamda, shijoat va gʻayratda otam, isteʼfodagi mayor Yangiqoʻrgʻon tumani IIB Faxriylar kengashi raisi Rahmonali Jakbarov menga oʻrnak boʻlib kelayotganidan quvonib ketaman.
Bu yil 75 yoshni qarshi olayotgan otajonim tuman ichki ishlar boʻlimi rahbariyatiga Faxriylar kengashi raisi sifatida mana 20-yildan beri faxriylarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash ishlariga yaqindan yordam berib kelmoqda. Toʻgʻrisi, otam ayni dam olib, huzur-halovatda yashaydigan davrida ham kuyinchaklik bilan yelib-yugurishlari uncha-muncha odamning qoʻlidan kelmaydi. Ularga qarab, koʻpchilikning dardi bilan yashaydigan insonlar oʻzi boshqacha boʻlar ekanda, degan fikr oʻtadi xayolimdan.
Otamning ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyati harbiy xizmatdan soʻng, 1974-yilda Davlatobod tumani IIB Qoʻriqlash boʻlinmasidan boshlangan. Ikki yildan soʻng Fargʻonadagi militsiya maktabida malaka oshirib qaytadi. Shundan keyin Namangan shahar Ichki ishlar boʻlimida avtomototransportlar boʻyicha boʻlim komandiri boʻlib ishlaydi. Bu orada Namangan davlat universitetining tarix huquqshunoslik fakultetining sirtqi boʻlimiga ham hujjat topshirib, talabalik va xodimlikni yonma-yon olib boradi. 1981-1998-yillarda Yangiqoʻrgʻon tumani IIBda turli lavozimlarda profilaktika xizmati, voyaga yetmaganlar boʻlimida faoliyat olib borgan. 1998-yildan 2002-yilgacha Kosonsoy tumani IIB boshligʻining oʻrinbosari lavozimida ishlagan. 2003-yilda pensiyaga kuzatilgan.
Otamning aytishicha, ustozi, ichki ishlar organi tizimida rahbarlik lavozimlarida ishlagan rahmatli Mehmonjon Xolmirzayevga havas qilib, menga uning ismini qoʻyishgan ekan. Oilada 5 farzandmiz, kenja boʻlsamda, ortiqcha erkalatishmagan. Otamning temir intizomi ayniqsa menga qaratilgan boʻlib, yuqori sinfga oʻtgan paytimdan boshlab tuman markazidagi 10-maktabga har kuni piyoda yugurib ketardim. Darslardan soʻng qoʻshimcha mashgʻulotlarda tarix, matematika fanlarini chuqur oʻzlashtirish vazifasi ham bor edi. Har kuni tuman markazida dadamning ishxonasiga kirib oʻtardim. Formaning salobati ichki ishlar xodimlariga oʻzgacha koʻrk berib turar, ularni havas bilan kuzatardim. Kasbga mehr bolalikdan boshlangani uchunmi, sport toʻgaraklariga qatnardim, oʻz ustimda ishlab, oʻzimga boʻlgan ishonchni mustahkamlardim.
“Insonni kuch emas, aql boshqarishi kerak”, degan nasihatlari ishda ham, shaxsiy hayotda ham asqatyapti. Ota-onamning tarbiya masalasidagi yondashuvi, otamning qatʼiyati, talabchanligi, onam Oydina Hojiakbarovaning mehribonligi, jonkuyarligi biz farzand-lar kamolida muhim oʻrin tutgan. Hayotda h ammamiz oʻz oʻrnimizni topib, oliy maʼlumot oldik. Akam bank xodimi, katta opam hamshira, oʻrtanchasi farzand tarbiyasi bilan band, kichigi oʻqituvchilik sohasida faoliyat olib bormoqda.
Otam endilikda nabiralari uchun ham jonkuyar bobo sifatida ularning oʻqishi, qiziqishlarini soʻrab-surishtiradi. Ularga nimaiki kerak boʻlsa, barchasini uddalashga harakat qiladi.
Farzandlar hayotidagi muvaffaqiyatlar asosida ota-ona orzulari, duolari mujassam. Bugun men ustozim, yaqin maslahatchim — otam bilan haqli ravishda faxrlanaman.
Mehmonali HOJAKBAROV, Chust tumani IIB boshligʻining oʻrinbosari, mayor.
