Namangan viloyatida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash yoʻnalishida chora tadbirlar amalga oshirildi
2025-05-19 09:00:00 / Yangiliklar

Xususan, Davlatimiz rahbari tomonidan, voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilayotgan yoʻl-transport hodisalariga alohida eʼtibor qaratilib, viloyatlarda, ayniqsa Namanganda oʻquvchilarga avtomobilni ijaraga berish avj olgani oqibatida, yoshlar tan jarohati olib, majruh boʻlib qolayotganligi, oʻlim bilan tugayotgan holatlar ham koʻpligi, mazkur masalaga masʼul boʻlgan rahbarlar tomonidan qonun ustuvorligini taʼminlashda sustkashlikka yoʻl qoʻyilayotganligi boʻyicha eʼtiroz bildirildi.
Mazkur ustuvor vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida Ichki ishlar vaziri rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Namangan viloyatida huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olish, fuqarolar, xususan voyaga yetmaganlar ishtirokida sodir etilayotgan yoʻl-transport hodisalarini oldini olish va unga sabab boʻlayotgan omillarni bartaraf etish yuzasidan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Jumladan, viloyat hududi boʻylab yoʻl-harakati xavfsizligini taʼminlash maqsadida maxsus avtoreyd oʻtkazilib, tadbirlarda 3208 ta qoidabuzarliklar aniqlandi, shundan, 127 tasini voyaga yetmaganlar tomonidan transport vositasini boshqarish holatlari tashkil etdi.
Shu bilan birga, velosipedchi va moped haydovchilari tomonidan sodir etilgan 49 ta qoidabuzarliklar aniqlandi.
Telegram ijtimoiy tarmogʻi orqali amaldagi qonunchilikka zid ravishda ijaraga beriladigan (Rentcar) 72 ta transport vositalari aniqlanib, jarima maydoniga joylashtirildi.
Barcha aniqlangan qoidabuzarliklarga nisbatan tegishli choralar koʻrilib, voyaga yetmagan shaxslar va ularning ota-onalari bilan profilaktik tushuntirish ishlari olib borildi.
Shuningdek, Namangan viloyatidagi oʻrganishlar jarayonida barcha maktab va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarida oʻtkaziladigan “Soʻnggi qoʻngʻiroq” tadbirlari hamda 25-may kuni Namangan shahrida boshlanadigan “64-Xalqaro gullar festivali”ga tayyorgarlik hamda koʻrilayotgan xavfsizlik chora-tadbirlari bilan yaqindan tanishildi.
Namangan viloyati hududidagi o'rganishlar natijasi yuzasidan respublika ishchi guruhi masʼullari, viloyat IIB va barcha shahar-tuman IIB rahbarlari ishtirokida tanqidiy yigʻilish oʻtkazildi.
Namangan viloyati hududida joriy yilning 4 oy davomida umumiy jinoyatlar salmogʻi sezilarli darajada oshganligi, jinoyatlarning fosh etilishida sustkashlikka yoʻl qoʻyilganligi, shuningdek Namangan shahar, Yangi Namangan, Chust hamda Yangiqoʻrgʻon tumanlarida “qizil” toifadagi mahallalar salmogʻi yuqoriligicha qolayotganligi keskin tanqid ostiga olindi.
Xizmat vazifasini bajarishda kamchiliklarga yoʻl qoʻygan rahbarlarga nisbatan intizomiy taʼsir choralari koʻrildi.
Endilikda, har bir rahbar xizmat vazifasiga sidqidildan yondashgan holda oʻzining tashabbuskorligi bilan ishlarni tashkil etishi lozimligi alohida taʼkidlandi.
Shu jumladan, qoʻriqlash xizmati faoliyati samaradorligini yanada oshirish maqsadida “Chust tajribasi”ni yaratish vazifasi topshirildi.
Kelgusida, viloyatda osoyishtalikni taʼminlash, mahallalarni jinoyatdan holi hududga aylantirish, yoʻllarda xavfsiz harakatlanishni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish boʻyicha masʼul rahbarlarga aniq topshiriqlar berildi.









