Probatsiya xizmatidan. Qayta xato qilmaslik uchun
2025-05-18 23:00:00 / Yangiliklar

Bilib-bilmay jinoyatga qoʻl urib, jazo muddatini oʻtab chiqqan shaxslarning jamiyatda turli toʻsiqlarga uchrashi tufayli atrofdagilarga nisbatan ishonchsizlik, yakkalanish kabi hislar paydo boʻlishi mumkin. Bu, oʻz navbatida, ularning qayta jinoyat koʻchasiga kirish ehtimolini yuzaga keltiradi.
Oʻtgan yili Piskent tumani IIB JXX Probatsiya guruhi nazoratida boʻlgan 138 nafar shaxs probatsiya hisobidan chiqarilgan. Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan 47 nafar shaxs bilan profilaktik suhbatlar olib borilib, ularning ijtimoiy-maishiy muammolarini aniqlash va bartaraf qilish, sogʻligʻini tiklash, kasbga yoʻnaltirish, ijtimoiy daftarlarga kiritilganlarning bandligini taʼminlash ishlari amalga oshirilgan.
Shuningdek, probatsiya hisobiga olingan bir necha mahkumlarga “dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paket”lari xulosa asosida ajratilishi belgilangan.
Hozirgi kunda ushbu shaxslar tadbirkorlik, hunarmandchilik, meʼmorchilik yoʻnalishlari boʻyicha ish faoliyatini yuritib kelmoqda. Nazorat ostidagi shaxslarni ijtimoiy moslashtirish boʻyicha tumanda oʻtgan yil mobaynida 12 marotaba “Ishga marhamat” tadbirlari tashkil etilib, 89 nafar shaxsning bandligi taʼminlanishiga erishilgan.
Bundan tashqari, 16 marotaba sayyor sud tashkil etilib, majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarib, mehnatga halol munosabatda boʻlgan 158 nafar fuqaro muddatidan oldin shartli ravishda ozod etilgan. Aksincha, jazodan qasddan boʻyin tovlagan 29 nafar shaxsning oʻtalmay qolgan muddati ogʻirroq jazoga almashtirilgan.
Joriy yil boshidan buyon 56 nafar shaxs hisobdan chiqarilib, sud hukmini qoʻpol ravishda buzgani uchun 12 nafarining jazo chorasi ogʻirrogʻiga almashtirildi.
Hozirgi kunda probatsiya hisobida turadiganlarning umumiy soni 351 nafarni tashkil etadi. Yil boshidan buyon bir necha bor mehnat yarmarkalarini tashkil etdik, — deydi Probatsiya guruhi katta inspektori, mayor Sherzod Mamadaliyev.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash kerakki, probatsiya nazorati ostidagi shaxslarning ijtimoiy moslashuviga koʻmaklashish, ularning qayta jinoyatga qoʻl urishining oldini olish va boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish bugun har qachongidanda muhimdir!
©️ “Postda” gazetasi, Abror Poyonov, Toshkent viloyati.
