IIV Akademiyasida “Kichik final” kompleks oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazildi
2025-05-18 09:00:00 / Yangiliklar

Mashgʻulotlarga kunduzgi taʼlim 1-oʻquv kursi kursantlari jalb qilindi.
Aytish joizki, ixtisoslik kafedralari tomonidan mashgʻulotlarni yuqori saviyada oʻtkazish uchun qizgʻin hozirlik koʻrildi. Mavzular doirasida topshiriq va savollar ishlab chiqilib, oʻquv-metodik xonalar, amaliy mashgʻulot joylari zarur anjomlar bilan jihozlandi.
Bir hafta davomida kursantlarning nazariy bilim va amaliy koʻnikmalari puxta sinovdan oʻtkazildi.
Har bir jarayon professor-oʻqituvchilar va tajribali amaliyot xodimlari tomonidan xolisona kuzatib, baholab borildi.
Mashgʻulotlar yakunida kursantlarga kerakli tavsiyalar berildi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati kafedrasi boshligʻi Sanjar Sharipovning taʼkidlashicha, “kichik final”lar kursantlarning nafaqat bilim salohiyatini, balki kasbiy fazilatlarini ham shakllantirishga yordam beradi.
Topshiriqlarni bajarish jarayonida mustaqil va toʻgʻri qaror qabul qilish, vaziyatni baholash, ishni hamjihatlikda tashkil etish kabi koʻnikmalar hosil boʻladi.
Shu bois, kursantlar har bir mashgʻulotga katta ishtiyoq bilan yondashdilar.
Mashgʻulotlarning soʻnggi kunida yutuq va kamchiliklar tahlil qilinib, kelgusidagi vazifalar belgilab olinadi.
Bundan maqsad soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashdir.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati









