Toʻyxat oʻrnida. Piri badavlatlik siri
2025-05-17 22:00:00 / Yangiliklar

Vahobjon Gʻulomovich 1981 Yili IIV Moliya-rejalashtirish boshqarmasi katta muhandis-iqtisodchisi lavozimiga tayinlangach, ish jarayonida uncha qiynalmadi. Sababi, bungacha 4—5-yil bankda ishlab, muayyan amaliy koʻnikma hosil qilgandi. Qolaversa, sohaga oid moliyaviy hujjatlarni rasmiylashtirishning oʻziga xos jihatlarini ustozlari — polkovniklar Shuhrat Isʼhoqxoʻjayev, Nikolay Soy, podpolkovnik Oʻktam Siddiqovdan oʻrgandi. Lekin oʻsha kezlari hujjatlar rus tilida yuritilgani bois, bu borada ancha qiynalgani rost.
Oradan 4-yil oʻtib, vazirlikning Axloq tuzatish ishlari boshqarmasiga oʻtkazilgach, yana bir qiyinchilikka duch keldi. Gap shundaki, mazkur tizim Moskvadan moliyalashtirilardi. Zarur mablagʻni undirish uchun tez-tez sobiq ittifoq poytaxtiga borib, bir hafta-oʻn kunlab sargʻayishga majbur boʻlardi.
Keyinroq IIV YOSB Moliya-rejalashtirish boʻlimi boshligʻining oʻrinbosari, vazirlikning Moliya-iqtisod boshqarmasi boʻlim boshligʻi lavozimlarida ishladi. Lekin bundoq oʻylab koʻrsa, chorak asrlik xizmat faoliyatining asosiy qismi Jazoni ijro etish tizimida kechibdi.
1996 — 2006-yillar oraligʻida ushbu tizimda anchagina ishlarni amalga oshirishga IIV JIEBB Moliya-rejalashtirish boshqarmasi boshligʻi sifatida salmoqli hissa qoʻshdi. Ushbu davrda qishloq xoʻjaligiga, chorvachilikka ixtisoslashgan qator manzil koloniyalar tashkil qilindi. Xorijdan sutni qayta ishlashga moʻljallangan ilgʻor texnologiyalar olib kelindi. Mahkumlarning yashash sharoitlari yaxshilandi. Jazoni ijro etish muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Xususan, ular uchun koʻplab avtotransport vositalari xarid qilindi.
Lavhamiz qahramoni oʻziga munosib shogirdlar ham tarbiyalab yetishtirdi. Ulardan polkovniklar Abduhamid Rasulov, Qobiljon Abdurahmonov, podpolkovnik Aziz Toʻlaganov turli masʼul lavozimlarda xizmat qilishdi. Polkovnik Vahobjon Ergashev 2007-yilda IIV JIEB boshligʻining oʻrinbosari lavozimidan izzat-ikrom bilan pensiyaga kuzatildi. Lekin haligacha hamkasblari bilan aloqalari uzilgani yoʻq. Uni IIV huzuridagi JIEDda boʻlib oʻtadigan tantanali tadbirlarga, uch avlod uchrashuvlariga taklif etishadi. Shogirdlari yoʻqlab turishadi. Bundan quvonmay boʻladimi.
“Umr — oqar suv” deb bejiz aytishmaydi. Vahob Gʻulomovich 15-may kuni 70 yoshga toʻldi. Uni bemalol piri badavlat inson desa boʻladi. Buning siri — Zuhra opa bilan ahil-inoqlikda bir-birini tushunib, avaylab, bir-biriga mehr-oqibat koʻrsatib umrguzaronlik qilib kelyapti. Hozir ikkalasi farzandlaru nevaralari ardogʻida. Zuhra opa 40-yildan ziyod bank tizimida ishlagan, mehnat faxriysi. Qizlaridan Zulfiya ota izidan borib, ichki ishlar organlarida samarali xizmat qilib, mayor unvonida pensiyaga chiqdi. Dilfuza esa tadbirkor.
— Oʻrigidan danagi shirin boʻlarkan, — deydi Vahobjon aka. — Nevaralarimning baxtu iqbolidan quvonib yuribman. Ulardan Munisa Turin politexnika universiteti aspiranti. Vazira boʻlsa Toshkent davlat stomatologiya instituti talabasi. Qolganlari hali maktabda oʻqishadi.
Fursatdan foydalanib, isteʼfodagi polkovnik Vahobjon Ergashevni tabarruk 70 yoshi bilan qutlab, barcha nevaralarining baxtu kamolini koʻrishini tilab qolamiz.
Bobomurod Toshev, oʻz muxbirimiz. “Postda”
