Andijonda ommaviy sayyor qabullar oʻtkazildi va jinoyatchilikka qarshi tizimli choralar muhokama qilindi
2025-05-16 09:20:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 13–16-may kunlari Andijon viloyatida Respublika ishchi guruhi, Xalq qabulxonasi va tashkilot rahbarlari ishtirokida ommaviy sayyor qabullar boʻlib oʻtmoqda. Jumladan, 14-may kuni Ichki ishlar vazirligi va Andijon viloyati IIB rahbariyati tomonidan Andijon shahri, Asaka, Marhamat hamda Buloqboshi tumanlari aholisi uchun sayyor qabullar tashkil etildi.
Qabullar davomida fuqarolarning ichki ishlar organlari faoliyati bilan bogʻliq, shuningdek, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga oid murojaatlari tegishli soha masʼullari tomonidan oʻrganilib, amaliy yordamlar koʻrsatildi. Bunday ommaviy sayyor qabullar viloyatning boshqa tumanlarida ham davom ettirilishi belgilangan.
Shuningdek, jinoyatchilikning oldini olish va aholi xavfsizligini taʼminlash maqsadida oʻtkazilayotgan “Xavfsiz va sogʻlom yurt” tezkor-profilaktik tadbiri doirasida amalga oshirilgan ishlar ham muhokama qilindi. Andijon viloyati IIB boshligʻi, polkovnik Sanjar Djabarov rahbarligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ushbu tadbirlar natijasi va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tanqidiy tahlil qilindi.
Yigʻilishda ayrim hududlarda profilaktik choralar yetarlicha samarali tashkil etilmagani taʼkidlandi. Shu bilan birga, bunday tadbirlar doimiy ravishda tashkil etilsa, kutilgan ijobiy natijalarga erishish mumkinligi qayd etildi. Kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar yuzasidan aniq koʻrsatmalar berildi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati









