Mahallalarda xavfsiz muhitni taʼminlash borasidagi ishlarning navbatdagi oʻrganish tadbirlari Vobkent tumanida oʻtkazildi
2025-05-16 09:10:00 / Yangiliklar

Buxoro viloyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3 yanvardagi “2025-yilda Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi rahbarligida oʻrganish ishlari amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda oʻtkazilayotgan navbatdagi oʻrganish tadbirlari Vobkent tumanida davom ettirildi.
Dastlab, “Charmgaron“ mahallasida “yettilik” aʼzolari ishtirokida, PQ-1-sonli qaror hamda Vazirlar Mahkamasining 801-sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida mahalladagi jinoyatchilik holati, profilaktik tadbirlar samaradorligi, mavjud muammolar va tizimli kamchiliklar muhokama qilindi.
Shundan soʻng, Doʻstlik mahallasining Doʻstlik va Ahmad Donish koʻchalarida amalga oshirilgan “Namunali xavfsiz koʻcha” hamda “Namunali xavfsiz yoʻlak” loyihalari doirasida amalga oshirilgan ishlar koʻzdan kechirildi.
Oʻrganish yakunlariga bagʻishlangan yigʻilishda, joriy yilning 22–29-mart kunlari Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi tomonidan viloyatda oʻtkazilgan kompleks inspektorlik tekshiruvi natijalari va ular yuzasidan berilgan topshiriqlar ijrosi, respublikamiz boʻylab oʻtkazilayotgan “Xavfsiz va sogʻlom yurt” hamda “Qoradori – 2025” keng qamrovli tezkor profilaktik tadbirlari doirasida tumanda amalga oshirilgan ishlar natijalari birma-bir muhokama qilindi.
Tanqidiy-tahliliy ruhda oʻtgan yigʻilishda aniqlangan kamchiliklar yuzasidan masʼul soha rahbarlarining hisobotlari tinglandi. Jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, ularga taʼsir qiluvchi omillar, jinoyat turlari hamda jinoyat sodir etgan shaxslar toifalari tahlil qilinib, kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab olindi.
Yakunda ish natijalari past boʻlgan bir qator masʼullarga nisbatan intizomiy taʼsir choralarini qoʻllash hamda yuqori koʻrsatkichlarga erishgan 5 nafar xodimlarni ragʻbatlantirish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi. Shuningdek, shaxsiy tarkib oʻrtasida xizmat va ijro intizomini mustahkamlash, qonunbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tushuntirish ishlari ham olib borilib, tizimda korrupsiogen holatlarga nisbatan murosasizlik tuygʻusini kuchaytirish borasida manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Mazkur oʻrganish ishlari qolgan tuman va shaharlarda ham davom ettiriladi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









