Buxoro viloyatdagi bolalar yozgi sogʻlomlashtirish oromgohlarida joriy yilgi mavsumga koʻrilgan tayyorgarlik ishlari oʻrganildi
2025-05-15 09:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilda Buxoro viloyatida 143 ta statsionar va kunduzgi sogʻlomlashtirish maydonchalarida 18 435 nafar bolani sogʻlomlashtirish rejalashtirilgan. Ulardan 7 260 nafari 11 ta statsionar oromgohda, 11 410 nafari esa 132 ta kunduzgi maydonchada dam oladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri rahbarligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bolalar xavfsizligi va mazmunli dam olishini taʼminlash vazifalari belgilandi. Mazkur topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida viloyat hokimi boshchiligidagi mutasaddilar oromgohlarda oʻrganish ishlarini boshladilar.
Buxoro tumanidagi “Yosh paxtakor” oromgohida yoritish, tozalik, xavfsizlik jihozlari bilan bogʻliq bir qator kamchiliklar aniqlandi. Vobkent tumanidagi “Porloq kelajak” va “Quyosh nuri” oromgohlarida ham yoʻl yoritish, tibbiy jihozlar, gigiyena shart-sharoitlari boʻyicha muammolar qayd etildi.
Gʻijduvon tumanidagi “Bolalar sayyorasi” oromgohida mavsumga tayyorgarlik holati oʻrganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish vazifalari belgilandi.
Shuningdek, Shofirkon tumanida qurilayotgan yangi zamonaviy oromgoh qurilish ishlari ham koʻzdan kechirildi. Uning umumiy qiymati 25 milliard soʻm boʻlib, 7 gektar maydonda barpo etilmoqda. Qurilishni jadallashtirish va mavjud muammolarni hal etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Kun davomida aniqlangan kamchiliklar uchun mutasaddilarga tanqidiy baho berilib, manzilli choralar belgilab olindi. Bunday oʻrganishlar viloyat boʻylab davom ettirilmoqda.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









