Toshkent shahrida oʻtkazilgan sayyor qabulda fuqarolar muammolari hal etildi va minnatdorlik bildirildi
2025-05-14 13:30:00 / Yangiliklar

Avval xabar berganimizdek, Toshkent shahar IIBB boshligʻi, polkovnik Ravshan Sultanxodjayevning navbatdagi sayyor qabuli joriy yilning 11-may kuni Yunusobod tumanida joylashgan “UzExpo Markazi” binosida oʻtkazildi.
Unda 40 nafar jismoniy va yuridik shaxslardan 40 ta murojaatlar qabul qilindi. Murojaatlarning 11 tasi shu yerning oʻzida ijobiy hal qilingan boʻlsa, 1 tasi boʻyicha malakali huquqiy maslahatlar berildi. 28 ta murojaatda keltirilgan sabab va vajlarni mazmunan koʻrib chiqish qoʻshimcha muddat talab qilgani tufayli ularning ijro muddati belgilanib, nazoratga olindi. 40 murojaatlarning 10 tasi surishtiruv va tergov harakatlari yuritilishi, 7 tasi mol-mulk va pul mablagʻlarini undirish, 11 tasi ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilish va qayta tiklash, 1 tasi yoʻllarda transport oqimini hisobga olgan holda tegishli yoʻl belgilarini oʻrnatish bilan bogʻliq masalalarni tashkil etdi. probatsiya hisobida turgan fuqarolarni muddatdan oldin jazodan ozod qilish masalalari bilan bogʻliq 11 ta murojaat atroflicha oʻrganilib, taqdim etilgan hujjatlar va maʼlumotlar hamda oʻtkazilgan suhbatlar natijasida Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinishdi. Shartli ozod qilingan shaxslar oilasi bagʻriga qaytish imkoni tugʻilganidan xursandliklarini izhor etib, ishonch uchun minnatdorlik bildirdilar.
Sayyor qabulda kelib tushgan murojaatlarni joyida oʻrganish maqsadida Toshkent shahar IIBB boshligʻi Yunusobod tumanida joylashgan professional boshqaruv kompaniyalardan biriga tashrif buyurdi. Oʻrganish jarayonida aniqlanishicha, ushbu boshqaruv kompaniyasi tomonidan mahallada xavfsiz muhitni yaratish maqsadida 100 ta kuzatuv kameralari, 60 ta tashvish tugmalari, 75 ta domofonlar oʻrnatilgan. Mazkur chora-tadbirlar Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan PQ-1 sonli qarorning joylarda ijro etilayotganligidan dalolat beradi.
Shundan soʻng bosh boshqarma boshligʻi hamda boshqa masʼullar ichki ishlar organlarining faxriylari uyiga tashrif buyurib, ularning holidan xabar olishdi. Hozirda nafaqada boʻlishiga qaramay, haligacha shogirdlariga yoʻl-yoʻriq koʻrsatayotgan, oʻzlarining koʻp yillik tajribasi bilan boʻlishayotgan bu kabi faxriylarimiz doimo eʼzozda.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati









