Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining Qoraqalpogʻiston Respublikasi yoshlari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi
2025-05-13 14:30:00 / Yangiliklar

Belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida Ichki ishlar vaziri general-mayor Aziz Tashpulatov, sohaga oid masʼullar ishtirokida Qoraqalpogʻiston Respublikasi yoshlari bilan uchrashib, ular bilan samimiy muloqot oʻtkazdi, shuningdek yoshlarning murojaatlari, taklif hamda mulohazalari tinglandi.
Uchrashuvda Yoshlar ishlar agentligi, Sport vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Markaziy bank, Asaka bank hamda Aloqa banki, shuningdek sohaga masʼul boshqa idoralarning vakillari ishtirokida 180 nafar yoshlar va ularning ota-onalari qatnashdilar.
Tadbirda, bugun yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik bois ertamiz umidlari ilm-fan, madaniyat, sport sohasida mamlakatimiz dovrugʻini yuqoriga koʻtarish maqsadida astoydil harakat qilishayotganligi, bu borada ularga har jabhada yelkadosh rahbarlar borligini alohida taʼkidlandi.
Jumladan, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash tadbirlarida ichki ishlar organlari xodimlari bilan bir qatorda hamkor tashkilotlarning mahalla yettiligi bilan birga ishlash mexanizmi yaratilgan boʻlib, har bir yoshning muammosi xonadonbay oʻrganilmoqda, masʼul rahbarlar har oyda kamida bir marotaba oʻzlariga biriktirilgan yoshlar bilan uchrashib, ularning salohiyatini yuzaga chiqarishga, talab yuqori boʻlgan kasb-hunarga oʻqitish orqali bandligini taʼminlashga, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga har tomonlama koʻmaklashmoqdalar.
Tashkil etilgan uchrashuv yoshlar tomonidan bildirilgan yangi tashabbus va takliflar bilan yanada qizgʻin oʻtdi. Ayniqsa yoshlar tomonidan yoʻllangan savollarga hamda ularning murojaatlariga masʼullar tomonidan alohida eʼtibor qaratildi.
Xususan, yoshlar va ularning ota-onalari tomonidan jami 79 ta murojaatlar kelib tushgan boʻlib, ularning barchasi qanoatlantirildi. 47 nafar yoshlarga qiziqishlaridan kelib chiqib hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun zarur uskuna, anjomlar va kompyuter jamlanmalari topshirildi. Uchrashuvda faol qatnashgan 30 nafar yoshlarga esdalik sovgʻalar va kitob jamlanmalari berildi.
Samimiy ruhda oʻtgan muloqotda yoshlarning muammolariga yechim topish hamda kelgusida mazkur faoliyatni takomillashtirish uchun zarur chora-tadbirlarni belgilab olindi.









