Yoshlar — kelajak bunyodkori. Mahallaning jonkuyari
2025-05-13 23:00:00 / Yangiliklar

Olmaliq shahridagi “Muso Jalil” mahalla fuqarolar yigʻiniga xizmat koʻrsatuvchi profilaktika inspektori, katta leytenant Solijon Anorqulov tizimda faoliyatini boshlaganiga atigi uch yildan oshdi.
Xizmatni inspektor-psixolog lavozimida boshlagan yosh xodimga podpolkovnik Hakimjon Shodiyev ustozlik qildi.
Hozirda 2700 nafardan ortiq aholi yashaydigan mahallada xizmat qilayotgan osoyishtalik posboni profilaktik hisobda turuvchi shaxslar bilan muntazam tushuntirish ishlarini olib boryapti.
Joriy yil boshidan bugungi kungacha 13 kishini ishga joylashtirdi. Ichkilikbozlikka ruju qoʻygan bir necha shaxslarni Ixtisoslashgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent viloyati filialiga davolanishga yotqizdi.
Shuningdek, mahallaning gavjum joylari, koʻp qavatli uylar va umumiy ovqatlanish shoxobchalari yoniga “tashvish tugmalari” oʻrnatilishiga bosh-qosh boʻldi.
Qilingan saʼy-harakatlar oʻz natijasida “qizil” toifada turgan mahalla oʻtgan yili “sariq” toifadagi mahallalar qatoriga kiritildi. Joriy yilning oʻtgan davrida esa, sodir etilgan bitta jinoyat ham “issiq izida” ochilib, aybdorga nisbatan jazo muqarrarligi taʼminlandi.
Galdagi vazifa — “yashil” toifadan joy olish. Oʻylaymizki, profilaktika inspektorining bu boradagi urinishlari ham oʻz samarasini beradi.
©️ “Postda” gazetasi, Mixli Safarov, kapitan. Toshkent viloyati.
