Qoraqalpogʻiston Respublikasida kompleks inspektorlik tekshiruvi oʻtkazilmoqda
2025-05-12 20:30:00 / Yangiliklar

Oʻrganishlar jarayonida respublika ishchi guruhi tomonidan joriy yilning hisobot davrida Qoraqalpogʻiston Respublikasining 452 ta mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, ichki ishlar organlarining shaxsiy tarkibi tomonidan ijro hamda xizmat intizomiga rioya etilishi ahvoli kompleks tahlil qilinib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amaliy yordam koʻrsatilmoqda.
Ichki ishlar vaziri boshchiligidagi respublika ishchi guruhi va soha masʼullari ishtirokida Moʻynoq, Qoʻngʻirot, Qonlikoʻl, Shumanay hamda Xoʻjayli tumanlarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining ijrosi hamda sohaga oid topshiriqlari yuzasidan amalga oshirilgan ishlar oʻrganildi.
Jumladan, kriminogen vaziyati ogʻir hisoblangan Moʻynoq tumanidagi “Uch-say” va “Aral” mahallalari, Qoʻngʻirot tumani “Qoʻngʻirot”, “Taraqli” va “Qoraqalpogʻiston” mahallalari, Qonlikoʻl tumanidagi “Beskoʻpir” va “Navroʻz” mahallalari, shuningdek Shumanay tumanidagi “Madeniyat” va “Qarabayli” mahallalarida mutasaddi tashkilot vakillari hamda mahalla yettiligi ishtirokida suhbatlar tashkil etilib, Davlat rahbarining qarori talablaridan kelib chiqib, uning samarali ijrosini taʼminlash boʻyicha bir qator topshiriqlar berildi. Shuningdek, respublika ishchi guruhiga “Xavfsiz va sogʻlom yurt” tezkor profilaktik tadbirlar jarayonida amalga oshirilgan ishlar va mahalla yettiligi faoliyati boʻyicha rejalashtirilgan vazifalarning taqdimotlari boʻlib oʻtdi.
Tadbir jarayonida, hududiy ichki ishlar organlari maʼmuriy binolarini ahvoli va texnik taʼminoti, aholi bilan yaqindan ishlash uchun yaratilgan shart-sharoitlar, jinoyatchilikni oldini olish borasidagi tadbirlarning samaradorligi, boshqa mutasaddi idoralar va jamoat tashkilotlari bilan hamkorligi va sohaga oid boshqa masalalar tanqidiy oʻrganilib, aniqlangan muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etish choralariga jiddiy eʼtibor qaratildi.
Respublika ishchi guruhining hududlarda oʻrganishlari davom etmoqda.






