Joriy yilning 31-yanvar kuni Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov ishtirokida Surxondaryo viloyatida jamoat xavfsizligini hamda kriminogen vaziyatni barqarorligini taʼminlash masalalariga oid tezkor yigʻilish oʻtkazildi
2024-01-31 15:00:00 / Majlislar

Yigʻilishda, Davlatimiz rahbarining mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash, hududlarda jamoat xavfsizligi va fuqarolar osoyishtaligini taʼminlash, jinoyatchilikni oldini olishda “mahallabay” va “fuqarobay” ish tashkil etish borasidagi topshiriqlari, ichki ishlar organlari faoliyatining yillik sarhisobi hamda kelgusida tizim faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha belgilangan vazifalarning ijrosi atroflicha muhokama qilindi.
Tadbir jarayonida Surxondaryo viloyatida oila-turmush munosabatlari doirasida, shuningdek, yoshlar, ayollar tomonidan hamda ishsizlik oqibatida sodir etilishi mumkin boʻlgan jinoyatlarning oldini olish hamda bu borada mahallalarda shakllantirilgan yettilikning hamkorlik masalalari tanqid qilindi, hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan ogʻir mahallalarda sektor rahbarlari, mahalla raislari, mahalladagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari tomonidan fuqarolarni qabul qilish va ularning muammolarini hal etish vazifalarga jiddiy eʼtibor qaratish zarurligi tushuntirildi.
Shuningdek, yigʻilishda Surxondaryo viloyatida oʻtgan yilning hisobot davrida jinoyatchilikka qarshi kurash masalalari, jamoat xavfsizligi konsepsiyasida belgilangan vazifalarning ijrosi, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etilishi hamda boshqa yoʻnalishlarda amalga oshirilgan ishlar tanqidiy koʻrib chiqilib, aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.
Yigʻilishda tashkiliy masala koʻrildi. Ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi lavozimiga polkovnik Ismailov Timur Kamolitdinovich tayinlandi.
Tadbirda koʻtarilgan muammolar va yechimini kutayotgan masalalar boʻyicha soha mutasaddilarining taklif va mulohazalari tinglanib, yangi tayinlangan viloyat IIB rahbariga tegishli topshiriqlar berildi.
IIV Axborot xizmati






