Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasida navbatdagi fuqarolar qabuli oʻtkazildi
2025-05-12 11:45:00 / Yangiliklar

Ishga joylashish, yoʻllarni taʼmirlash, kadastr muammosida amaliy yordam, oʻzaro janjalli vaziyat, firibgarlik, avtomashina oldi-sotdisi, aliment undirish kabi murojaatlar viloyat IIB boshligʻi Rahmat Mamatov ishtirokidagi fuqarolar qabulida atroflicha eshitildi. Boshqarma boshligʻi muammolar yechimi muddat talab qilishini taʼkidlar ekan, aksariyatiga shu yerning oʻzida huquqiy tushuntirishlar berildi.
Yuzma-yuz qabulda qayd etildiki, bugun inson manfaatlarini taʼminlash, ularning mavjud muammolariga koʻmaklashish har bir mutasaddi rahbarning asosiy vazifasi, murojaatlar ijrosiga alohida yondashuv kerak. Fuqarolar idorama-idora sarson boʻlib yurmasligi lozim.
Asosiy eʼtibor, murojaatlarning joyida hal etilishiga qaratilib, qoʻshimcha oʻrganish va qonuniy qaror qabul qilish uchun ish yurituviga olingan arizalar yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.
Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati









