Oila tinch — yurt tinch. Hamkorlikdagi samaradorlik
2025-05-11 23:00:00 / Yangiliklar

Samarqand viloyat hokimligi hamda viloyat IIBning qoʻshma qaroriga asosan, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda joriy yilning 17-fevral kunidan 3-may kuniga qadar viloyatning 13 ta shahar-tumanlarida oʻtkazilgan “Xavfsiz oila” keng qamrovli maxsus profilaktik tadbirlar ham aynan oilalar mustahkamligini taʼminlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarda nizolashib kelayotgan 4523 ta hamda oila-turmush munosabatlari doirasida nizolashib kelayotgan 1421 ta notinch oila roʻyxati shakllantirilib, ular bilan manzilli tezkor profilaktik chora-tadbirlar olib borildi, — deydi viloyat IIB JXX HPB boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik Nigera Yodgorova.
Shuningdek, 7409 ta xonadon oʻrganilib,ulardagi 8024 nafar xotin-qiz bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazildi. 564 ta oiladagi turli xil nizolar muhokama etildi, 3184 nafar sogʻliqni saqlash hisobida turgan fuqaro bilan yakka tartibda profilaktik ishlar amalga oshirilib, ulardan 90 nafari majburiy davolanishga yuborildi.
Oilaviy zoʻravonlikdan jabrlangan 793 nafar xotin-qizga himoya orderi rasmiylashtirib berildi. Eʼtiborli jihati shundaki, hamkorlikda olib borilgan manzilli targʻibot ishlari natijasida xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 12,0 foizga kamayishga erishildi.
Qotillik, ogʻir tan jarohati yetkazish, oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish, shuningdek, talonchilik, bosqinchilik hamda bezorilik jinoyatlari sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi.
Bundan tashqari, xotin-qizlarning oʻz joniga qasd qilish holatlari oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 28,6 foizga kamayishga erishildi.
Ayni paytda ham aniqlangan muammolar alohida nazoratga olinib, ularni bartaraf etishga qaratilgan ijtimoiy profilaktik chora-tadbirlar davom etmoqda.
©️ “Postda” gazetasi, Umida Mamadaliyeva, Samarqand viloyati.
