Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV rahbariyati tomonidan “Xavfsiz va sogʻlom yurt” keng qamrovli tezkor profilaktik tadbiri doirasida Shumanay, Taxiatosh hamda Xoʻjayli tumanlarida amalga oshirilgan ishlar tanqidiy-tahlil etildi
2025-05-11 10:00:00 / Yangiliklar

Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida “Xavfsiz va sogʻlom yurt” keng qamrovli tezkor profilaktik tadbiri doirasida jinoyatchilikning oldini olish va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilinmoqda.
Shu munosabat bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri polkovnik Baxtiyar Torebekov Shumanay, Taxiatosh hamda Xoʻjayli tumanlarida boʻlib, oʻtkazilayotgan tadbirlar yuzasidan amaliy tahlil ishlarini olib bordi.
Tumanlarda oylik tadbirlar doirasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilinib, jinoyatchilikning oldini olish, aholi oʻrtasida huquqbuzarliklarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish hamda mahallalarda ijtimoiy profilaktikani kuchaytirish boʻyicha masʼul xodimlarga aniq vazifalar yuklatildi.
Shuningdek, ushbu tumanlar ichki ishlar boʻlimi shaxsiy tarkibi ishtirokida yigʻilish oʻtkazilib, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2025-yil 9-aprel kungi 142-sonli buyrugʻi asosida 15-apreldan 15-mayga qadar oʻtkazilayotgan tezkor tadbir doirasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlar tinglandi.
Yigʻilishda tuman hududlarida jinoyatchilikni jilovlash, uyushgan jinoyatchilikka qarshi samarali kurash olib borish, aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, shuningdek, profilaktik tadbirlarning samaradorligini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Bundan tashqari, har bir masʼul xodimlarga jinoyatchilikni jilovlash, yuz berishi mumkin boʻlgan jinoyat va hodisalarining oldini olishda targʻibot va tashviqot ishlarini kuchaytirish kerakligi topshirildi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV Axborot xizmati









