Davlatimiz rahbari topshiriqlarining ijrosini taʼminlash maqsadida Toshkent viloyatida oʻrganish olib borilmoqda
2025-05-11 08:00:00 / Yangiliklar

Masʼullar oʻrganish ishlarini Nurafshon shahri, Quyichirchiq, Oʻrtachirchiq, Chinoz hamda Yangiyoʻl tumanlarida amalga oshirdilar.
Xususan, Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyat IIBB Jismoniy va jangovar tayyorgarlik markazi, IIBB Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi, IIBB Jamoat xavfsizligi xizmati qoshidagi Reabilitatsiya markazi va Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun moʻljallangan maxsus qabulxona faoliyati bilan tanishildi, shaxsiy tarkibining jangovar shayligi, moddiy-texnik bazasi hamda xodimlarning xizmati uchun yaratilgan sharoitlar oʻrganildi.
Tadbir davomida mutasaddi rahbarlarning, mahallalarda yoshlar, ayollar va ishsizlar tomonidan, shuningdek, oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etiladigan jinoyatlarni barvaqt oldini olish hamda hozirda keng tus olgan kiberjinoyatga qarshi kurashish boʻyicha targʻibot ishlarini kuchaytirish borasidagi fikr-mulohazalari tinglandi va amalga oshirilishi zarur boʻlgan masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, tadbir jarayonida Oʻrtachirchiq tumani Qorasuv mahallasida joylashgan 19-sonli huquq-tartibot maskani, Quyichirchiq tumani Ichki ishlar boʻlimining maʼmuriy binosi, Quyichirchiq tumani 1-sonli Ichki ishlar boʻlimi hamda Chinoz tumani Ichki ishlar boʻlimiga borildi.
Oʻrganishlarda asosiy eʼtibor shaxsiy tarkib oʻrtasida jangovar shaylikni hamda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning samaradorligini oshirish, surishtiruv-tergov jarayonlarini qonuniy tashkil etish, aholi murojaatlarini oʻrganish hamda xizmatga oid boshqa masalalar bilan birga hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish orqali xavfsiz muhit yaratish vazifalariga qaratildi.
Tadbir jarayonida aniqlangan barcha kamchiliklar tanqidiy muhokama qilinib, kelgusida xizmat faoliyatini takomillashtirishga oid maqsadli chora-tadbirlar belgilab olindi.






