Sulola. Ota kasbining munosib davomchisi
2025-05-10 11:45:00 / Yangiliklar

Tergov shunday murakkab va masʼuliyatli sohasiki, bu ish xodimdan, eng avvalo, sabr-toqat va matonatni talab etadi. Barcha sohalarga oid aytaylik, sogʻliqni saqlash tizimiga oid biror jinoyat ishini tergov qilishda masalaga tibbiyotchi koʻzi bilan, taʼlim sohasiga doir jinoyat materialida pedagog nigohi bilan, qishloq xoʻjaligi yoʻnalishiga oid ishda esa agronom nazari bilan qarab, uning mazmun-mohiyatigacha kirib borolmasa, tergovchining ishi puxta boʻlmaydi. Shu bois bu soha vakillari oʻqib-izlanishdan, malaka oshirishdan hech qachon toʻxtamasligi kerak.
Qoʻqon shahar IIB huzuridagi Tergov boʻlimi jinoyatlarni tergov qilish boʻlinmasi katta tergovchisi, mayor Qahramonjon Xolmatov ham ana shu mezonlarga tayanib ish olib borayotgan soha fidoyilaridan biri sanaladi.
Oʻzbekiston tumanidagi Nursux qishlogʻida tugʻilib oʻsgan Qahramonjon bejiz tergovchilik kasbini tanlamagan. U kamolga yetgan oilani hamqishloqlari “Tergovchilar oilasi” deb ham ataydi. Sababi, padari buzrukvori, isteʼfodagi podpolkovnik Jaloliddin Xolmatov ham oʻttiz yilga yaqin umrini ichki ishlar organlarining tergov sohasi bilan chambarchas bogʻlab, el-yurt osoyishtaligini taʼminlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda boy amaliy tajriba toʻplagan. Bugun farzandlar va nabiralari davrasida keksalik gashtini surmoqda.
Amakisi, isteʼfodagi mayor Fazliddin Xolmatov ham huquqshunoslik yoʻnalishida tahsil olib, ichki ishlar organlarida tergovchi boʻlib ishlagan.
Ota izidan borgan Qahramonjon, mana 21-yildirki, Koʻqon shahar IIB huzuridagi Tergov boʻlimida turli lavozimlarda halol va samarali xizmat qilib kelmoqda. U dadasini tergov sohasidagi birinchi ustozi deb biladi va tez-tez maslahatlar soʻrab turadi. Padari buzrukvori nafaqat oʻgʻlidan, balki barcha yosh tergovchilardan maslahatini ayamaydi. Shogirdlarni hamisha halol, adolatli boʻlishga, xolis tergov olib borishga chaqiradi.
Ota oʻgitlariga tayanib ish qilayotgan lavhamiz qahramonining oʻzi ham bugun ustoz darajasiga yetdi. Qoʻqon shahar IIB huzuridagi Tergov boʻlimida oʻnlab shogirdlari bor. Ularga maslahat va tavsiya berish bilan birga, bilmaganlarini oʻrgatadi. Kitob bilan doʻst tutinishga, tergov sohasidagi bilimlarini hamisha oshirib borishga chaqiradi.
- Soʻnggi yillarda mamlakatimizda insonparvar islohotlar samarasi oʻlaroq, fuqarolarning qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinadigan, faqat jazolash emas, xato qilganni toʻgʻri yoʻlga soladigan mezonlariga asoslangan tizim yaratilmoqda, — deydi lavhamiz qahramoni. — Tergov va surishtiruv tizimi soddalashtirildi, sohaga kirib kelayotgan zamonaviy texnologiyalar esa tergov sifati va samaradorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Ishlash uchun barcha sharoit yetarli. Bizdan faqat kasbga sadoqat, ijro intizomi va halollik talab etiladi. Shogirdlarimga bu talablarni har kuni eslatishdan charchamayman.
Tergovchilar oilasining zabardast vakili boʻlgan mayor Qahramonjon Xolmatovning kasbga sadoqati, halolligi va fidoyiligi yosh xodimlar uchun chinakam ibrat maktabidir.
Abduvosit Sidiqov, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Fargʻona viloyati
