Fidoyi xodim. “Omad formulasi“ning siri
2025-05-05 23:00:00 / Yangiliklar

Oʻz mehnatidan huzurlanib yashash insonga kuch-quvvat, ishonch va shijoat bagʻishlaydi. Lavhamiz qahramoni — serjant Jaxbar Bashirov hayoti, faoliyati misolida ham bunga yaqqol amin boʻldik.
Samarqand viloyati IIB JXX JTSB Patrul-post xizmati batalyoni ijtimoiy-siyosiy, ommaviy-madaniy tadbirlarni oʻtkazishda xavfsizlikni taʼminlash otryadi guruh komandiri oʻrinbosari, serjant Jaxbar Bashirov 23-yildan buyon ichki ishlar organ-larida xizmat qilib keladi.
Fidokorligi va tashabbuskorligi bilan rahbariyat tomonidan bir necha bor ragʻbatlantirilgan.
Hayot qora ranglardan iborat emas. Yomgʻirdan soʻng kamalak chiqadi. Musibatlar qarshisida ojiz qoldingizmi, ruhan tushkunlikka tushmang. Matonat bilan hayot qiyinchiliklarni yengib oʻting.
Olgʻa intilgan inson, albatta, murodiga yetadi. Bu soʻzlar Jaxbar Bashirovning shioriga aylangan. U oʻz ustida ishlashdan, bilim va tajribasini boyitishdan erinmaydi.
Hamkasblari bilan sohaga doir mavzularda suhbatlashadi, oʻzaro fikr almashib, bilmaganlarini oʻrganib, oʻzida borini yoshlarga ulashadi.
Hamkasbim oʻz ishiga talabchan, — deydi safdor Jamshid Nurmatov. — Jamoada oʻz oʻrni bor, doʻstlariga yordam berishga tayyor.
Qiyinchiliklardan choʻchimasligini, barchaga birdek muomalada boʻlishini alohida aytish joiz.
Jaxbar Bashirov turmush oʻrtogʻi Margʻubaxon bilan 4 nafar oʻgʻilni tarbiyalamoqda. Qay paytda uyga kelsada, farzandlari bilan ularning kelajakdagi maqsadlari xususida suhbatlashishga vaqt topadi.
Toʻngʻich oʻgʻli Ibrohimbek Samarqand shahridagi Prezident maktabida oʻqiydi. U yaqinda xorijdagi 27 ta universitetda taʼlim olish uchun grant yutib oldi.
Farzandlarimning oʻqishiga nisbatan juda qattiq qoʻlman, — deydi lavhamiz qahramoni. — Ularning yaxshi bilim olishi uchun oʻzim ham koʻp narsani oʻqib oʻrganaman. Chunki menga savol berib qolishsa, ularga toʻgʻri javob berishim kerak.
Farzandimning bu yutugʻi oilamizni, ayniqsa, ota-onamni juda sevintirdi, shaxsan menga boshqacha kuch beradi.
Ha, oʻz kasbiga masʼuliyat, burchga sadoqatni bir zum ham unutmaydigan serjant Jaxbar Bashirov xizmatida oʻz oʻrnini topish bilan birga, sila baxtini, farzandlari iqbolini muhim deb biladi.
Reja tuzish, vaqtni bekorga sarf qil-maslik, intizomli boʻlish va toʻgʻri qaror qabul qilish uning “omad formulasi”dir.
©️ “Postda” gazetasi, Umida Mamadaliyeva.
