Faxriylar – faxrimiz. “Emas oson bu maydon ichra turmoq...”
2025-05-04 12:25:00 / Yangiliklar

Oʻrta maktabni tugatib, otasidan oq yoʻl olgan Zumrad Qurbonova Buxoro avtomobil va yoʻllar texnikumining sirtqi boʻlimiga oʻqishga kirdi. Chunki kelajakda osoyishtalik posboni boʻlishni diliga tukkan edi. Niyatini amalga oshirish uchun viloyat IIB Davlat avtomobil nazorati boʻlimi boshligʻiga murojaat qildi. Va uni avtoinspektor qizlar guruhiga xizmatga qabul qilishdi.
Oʻz vazifasiga vijdonan, oʻta masʼuliyat bilan yondashgan inspektor ayol koʻp oʻtmay haydovchiyu yoʻlovchilar orasida tanilib qoldi. Chunki u oʻta sinchkov, talabchan, qatʼiyatli, muomalani ham oʻrniga qoʻya olardi.
Keyinchalik Buxoro davlat universitetini tugatgan 3. Qurbonova viloyat IIB PPX va JTSBda katta inspektor sifatida faoliyatini davom ettirdi. Yozning jaziramasiyu qishning qahraton sovuqlarida ham, oila va xizmatni uddaburonlik bilan qoʻshib olib borish unga katta obroʻ keltirdi, boshqalarga oʻrnak boʻldi.
Lavhamiz qahramoni qaysi sohada ishlamasin,halollikning noni butunligini oʻziga shior qilib oldi va kam boʻlmadi. U Buxoro shahar IIB Voyaga yetmaganlar boʻyicha boʻlim boshligʻi va viloyat IIB Terrorizmga qarshi kurashish boʻlimining“Ayollar qanoti” inspektori lavozimida ham samarali xizmat qildi. Soʻng viloyat IIB HOOBga bevosita boʻysunuvchi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazi boshligʻi boʻlib, oʻn yil shu lavozimda faoliyat koʻrsatdi va shu yerdan pensiyaga kuzatildi.
Isteʼfodagi mayor Zumrad Qurbonovaning ichki ishlar tizimidagi koʻp yillik samarali faoliyati, xizmat vazifasini bajarish chogʻida koʻrsatgan fidoyiligi davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan.
— Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan ayollarga oson emas, — deydi Zumrad opa suhbatimiz soʻngida. Ham oila yumushlari, ham xizmat majburiyatlari... Menga asosan turmush oʻrtogʻim Erkin akaning yordami katta boʻldi. U kishi hamisha meni qoʻllab-quvvatladi. Ishdan kech qaytgan paytlarimda suyanch va yupanch boʻldi. Qolaversa, farzandimiz Alibekning komil inson boʻlib yetishida ham mehnatlari katta.
IIV Buxoro akademik litseyini tugatgan Alibek, ayni paytda Samarqand iqtisodiyot va servis institutida ta h sil olmoqda. U ham kelgusida ota-onasi singari yurtimizga kamarbasta boʻlish niyatida.
Mirzoqul Ahadov, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Buxoro viloyati
