Jarqoʻrgʻon tumani hokimiyatida viloyat hokimi, prokurori va ichki ishlar boshqarmasi boshliqlari ishtirokida Prezidentimizning PQ-1-sonli Qarori ijrosi yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtdi
2025-05-04 12:05:00 / Yangiliklar

3-may kuni Jarqoʻrgʻon tumani hokimiyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvar kunidagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-1-sonli Qarori ijrosi muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor tarzidagi yigʻilish oʻtkaziladi.
Mazkur yigʻilishda, viloyat hokimi Ulugʻbek Qosimov, viloyat prokurori adliya katta maslahatchisi Baxtiyar Babadjanov, viloyat IIB boshligʻi polkovnik Timur Ismailov hamda barcha idora va tashkilot masʼullari ishtirok etishdi.
Kun tartibidagi masala boʻyicha rahbarlar, viloyat hududida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, kriminogen vaziyati ogʻir boʻlgan qizil toifa sirasiga kiritilgan mahallalarga biriktirilgan masʼullarga jinoyatchilikni jilovlash, mahalla yettiligi aʼzolari faoliyatini toʻgʻri tashkil etgan holda jinoyat oʻsishiga sharoit yaratib berayotgan omillarni chuqur tahlil qilib, bu boradagi ishlarni samarali tashkil etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berdi.
Shuningdek, shahar va tuman hududlariga biriktirilgan viloyat masʼullarining kun tartibidagi masala yuzasidan muammo va takliflari tinglandi.
Shu bilan birga yigʻilish davomida, viloyat hududida istiqomat qilib kelayotgan gʻayri-ijtimoiy xatti-harakat sodir etishi mumkin boʻlgan qizlar bilan olib borilayotgan ishlar natijadorligi ham muhokama qilinib, ushbu toifadagi qizlarga masʼul etib biriktirilgan rahbarlarning olib borayotgan faoliyatlari yetarli emas deb topilib, mazkur yoʻnalishdagi ishlarni yanada samaradorligini oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Yigʻilish yakunida, qaror ijrosi yuzasidan ishchi guruh oʻz faoliyatlarini joylarga chiqqan holda yanada jonlantirish, amalga oshirilayotgan ishlarni kunlik nazorat qilib borish va aniqlangan muammo va kamchilliklarni joyida bartaraf etish choralarini koʻrish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati




