Surxondaryo viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari Prezident qarori ijrosi yuzasidan tanqidiy muhokama yigʻilishi oʻtkazdi
2025-05-03 09:00:00 / Yangiliklar

Surxondaryo viloyati IIB boshligʻi va viloyat prokurori ishtirokida Prezidentimizning joriy yil 3-yanvar kunidagi PQ-1-sonli Qarori ijrosi hamda Denov tumanida sodir etilgan qotillik, bezorilik jinoyatlari tanqidiy muhokama qilindi.
Denov tadbirkorlik va pedagogika institutining majlislar zalida Denov tumani mahallalari hududlarida Prezidentimizning joriy yil 3-yanvar kunidagi PQ-1-sonli Qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, “2025-yil 1-may kuni Denov tumani Z.M.Bobur mahallasi hududida sodir etilgan qotillik” hamda “Tuman hududida xizmat olib borayotgan yoʻl patrul xizmati xodimlariga faol qarshilik koʻrsatish natijasida sodir boʻlgan bezorilik” jinoyatlarining kelib chiqish sabablari va bunga imkon bergan shart-sharoitlar muhokamasiga bagʻishlangan tanqidiy ruhdagi yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Yuqorida qayd etilgan ikki turdagi jinoyatlar viloyat IIB boshligʻi polkovnik Timur Ismailov hamda viloyat prokurori Baxtiyar Babadjanovlar huzurida oʻtkazilgan muhokama yigʻilishida, Denov tumanidagi “qizil toifa“ sirasiga kiritilgan mahalla yettiligi, nuroniylar, mahalla faollari va boshqa mutasaddi tashkilotlar ishtirok etishdi.
Yigʻilish davomida, viloyat masʼullari tomonidan mahalla yettiligi aʼzolarining ushbu jinoyatlarning kelib chiqish sabab hamda omillaridan bexabar ekanligi tanqid qilindi.
Mahalla hududlarida bu kabi jinoyatlarni barvaqt oldini olish imkoni borligi taʼkidlanib zarur tushuntirishlar berildi.
Yigʻilish yakuniga koʻra, muhokama qilingan masalalar boʻyicha bildirilgan takliflar inobatga olingan holda kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar va zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati








