Seminar. Ijobiy tajribalar keng ommalashtiriladi
2025-04-30 23:00:00 / Yangiliklar

Ayni kunlarda Ichki ishlar vazirining tegishli farmoyishiga asosan, mamlakatimizda “Xavfsiz va sogʻlom yurt” tezkor-profilaktik tadbiri oʻtkazilmoqda.
Fargʻonada ham ushbu oylik doirasida koʻplab ezgu maqsadli tadbirlar tashkil etilyapti. Jumladan, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish yuzasidan Fargʻona shahrida yoʻlga qoʻyilayotgan ijobiy tajribalarni viloyatning boshqa shahar va tumanlarida ommalashtirish maqsadida amaliy seminar tashkil etildi.
Maʼlumki, Prezidentimizning mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish boʻyicha 1-sonli qarorida 2025-yilda “Har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish” ustuvor vazifa etib belgilangan edi, — deydi viloyat IIB JXX HPB boshligʻi, podpolkovnik Otabek Oʻrinboyev. — Bugungi amaliy seminarda ushbu qaror asosida olib borilayotgan ishlarni Fargʻona shahridagi yangi tashkil etilgan 2 ta huquq-tartibot maskani misolida boshqalarga ibrat qilib koʻrsatdik.
Viloyat IIB rahbariyati, shahar-tuman ichki ishlar boshqarma va boʻlimlari boshliqlari, huquq-tartibot maskanlari bosh inspektorlari, mutasaddi xodimlar hamda hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etgan seminar Fargʻona shahar IIO FMBda tashkil etilgan ijtimoiy profilaktika maskanidan boshlanib, Bozorboshi koʻchasida yangi ish boshlagan huquq-tartibot maskanida davom etdi.
Ushbu yangi maskanning ochilishi bilan “Bahor”, “Fargʻona”, “Maʼrifat”, Mirzo Ulugʻbek va Oybek nomli mahalla fuqarolar yigʻinlaridan iborat mikrohudud tashkil etildi.
Bu yerda 1 nafar bosh inspektor, 8 nafar profilaktika inspektori, 2 nafar profilaktika kichik inspektori, xotin-qizlar boʻyicha inspektor, YHXB inspektori hamda 4 nafar PPX inspektori hamkorlikda xizmat olib bormoqda.
Mikrohudud toʻliq raqamlashtirilib, 100 ga yaqin kuzatuv kameralari huquq-tartibot maskanidagi situatsion markazga integratsiya qilingan. Bu yerda mahalla yettiligi bilan hamkorlikda yoʻlga qoʻyilgan ijobiy tajriba ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi. Ular oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan atroflicha javob olishdi.
Davlatimiz rahbarining yuqoridagi qarori ijrosi doirasida Fargʻona shahridagi “Kimyogar” mahalla fuqarolar yigʻini “Xavfsiz hudud”ga aylantirilmoqda. Seminar ishtirokchilari ushbu mahallada boʻlib, “Xavfsiz koʻcha” va “Xavfsiz yoʻlak”lar tashkil etish jarayonlarini oʻrganishdi.
Shuningdek, mahallada amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar va raqamlashtirish jarayonlari bilan tanishishdi.
“Xavfsiz koʻcha” va “Xavfsiz yoʻlak”larni qanday tashkil etish kerak degan savollarga bugun batafsil javob oldik, — deydi Toshloq tumani IIB boshligʻi, Seminarda olgan tajribalarimizni oʻzimiz rahbarlik qilayotgan tumanda keng joriy etib, qaror ijrosini soʻzsiz taʼminlaymiz.
Tadbirning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, aynan shu yerda xonadonlar va boshqa obyektlarni texnik qoʻriqlovga olishning ahamiyati boʻyicha tadbirkorlar va aholi uchun Qoʻriqlash boshqarmasi mutasaddilarining taqdimoti tashkil etildi. “Kommunal qurilishtaʼmir servis” MCHJ hamda “Kimyogar” mahallasi raisining axborotlari ham eshitildi.
Ezgu maqsadni koʻzlab tashkil etilgan amaliy seminar davomida mahallalarni xavfsiz muhitga aylantirish hamda hududlarni raqamlashtirish borasida amalga oshiriladigan eng muhim va ustuvor vazifalar yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.
Taklif va tavsiyalar oʻrtaga tashlandi. Oʻrganilgan ijobiy tajribalarni barcha shahar va tumanlarda, mahallalarda ommalashtirishga kelishib olindi.
©️ “Postda” gazetasi, Abduvosit Sidiqov,Fargʻona viloyati.
