Navoiy viloyatida kompleks inspektorlik tekshiruvi oʻtkazilmoqda
2025-04-29 22:30:00 / Yangiliklar

Oʻrganishlar jarayonida respublika ishchi guruhi tomonidan joriy yilning hisobot davrida Navoiy viloyatining 330 ta mahallalarida kriminogen vaziyat, shuningdek, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, ijro hamda xizmat intizomiga rioya etilishi ahvoli kompleks tahlil qilinib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amaliy yordam koʻrsatilmoqda.
Viloyatda boʻlib turgan Ichki ishlar vaziri tomonidan respublika ishchi guruhi va soha masʼullari ishtirokida viloyatning Zarafshon shahri, Tomdi, Konimex, Karmana va Nurota tumanlarida Davlat rahbarining joriy yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qarorining ijrosi hamda sohaga oid topshiriqlari yuzasidan amalga oshirilgan ishlar, hududiy ichki ishlar maʼmuriy binolarini ahvoli va texnik taʼminoti, aholi bilan yaqindan ishlash uchun yaratilgan shart-sharoitlar, jinoyatchilikni oldini olish borasidagi tadbirlarning samaradorligi, boshqa mutasaddi idoralar va jamoat tashkilotlari bilan hamkorligi va sohaga oid boshqa masalalar tanqidiy oʻrganilib, aniqlangan muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etish choralariga jiddiy eʼtibor qaratildi.
Zarafshon shahrida joylashgan 12-sonli Jazoni ijro etish muassasasida boʻlgan masʼullar, muassasada saqlanayotgan mahkumlarga yaratilgan shart-sharoitlar, ularni ijtimoiy hayotga tayyorlash, kasbga oʻrgatish bilan bogʻliq amalga oshirilayotgan ishlar hamda koloniyada tashkil etilgan qurilish hamda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish sexlari va ularning ish samaradorligi oʻrganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan vazifalar belgilandi.
Respublika ishchi guruhining Navoiy viloyatidagi oʻrganishlari davom etmoqda.









